Madagaskarda siyosiy vaziyat keskinlashgan. Prezident Andri Rajuelina hayotiga suiqasd qilingani, harbiylar davlat to‘ntarishi amalga oshirgani haqida ma’lum qildi.
U ijtimoiy tarmoq orqali qilgan murojaatida “menga qarshi bir guruh harbiy va siyosiy shaxslar suiqasd uyushtirgan”, deya bayonot berib, mamlakatdagi har qanday muammoni Konstitutsiya doirasida hal etishga chaqirgan.
Oxirgi ikki haftada kuzatilgan ommaviy namoyish orqali, asosan, yoshlardan iborat “Gen Z Mada” nomli guruh yetakchining iste’fosini talab qilgan. Prezident yoshlarni tinchlantirish uchun hukumatni tarqatib yuborish chorasi esa natija bermadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Prezident chorshanbadan beri omma oldida ko‘rinish bermagan. Harbiylarning davlat telekanalini egallash tahdidi sabab, davlat rahbarining murojaati bir necha marta kechiktirilgan.
– 25 sentyabrdan beri menga nisbatan bir necha marta suiqasd va davlat to‘ntarishiga urinish bo‘ldi, – deyilgan Prezident bayonotida. – Bir guruh harbiy va siyosiy shaxslar hayotimga qasd uyushtirdi. Shundan keyin o‘zimni himoya qilish uchun xavfsiz joyga ko‘chishga majbur bo‘ldim.
Prezident hozir qayedaligi oshkor etilmagan. Ayrim manbalar u Fransiya harbiy samolyotida mamlakatdan evakuatsiya qilingan bo‘lishi mumkinligini yozdi. Shuningdek, uning yaqin hamkori – sobiq Bosh vazir Kristian Nsay hamda tadbirkor Maminiayna Ravatomanga – Mavrikiyga qochgani aytilmoqda.
To‘ntarishni kim amalga oshirdi?
Rajuelinani 2009 yil CAPSAT harbiy bo‘linmasi tashabbusi bilan hokimiyat tepasiga kelgan. Qizig‘i, aynan shu bo‘linma endi unga qarshi chiqdi va guruhni Qurolli kuchlar boshqaruvchisi, deya e’lon qildi. Namoyishlar avval suv va elektr ta’minotidagi uzilish sabab boshlanib, keyin ishsizlik, korrupsiya va qimmatchilikka qarshi umummilliy norozilikka aylandi. Poytaxt Antananarivu ko‘chalaridagi namoyishchilarga CAPSAT zobitlari ham qo‘shilgan.
Dushanba kuni harbiy qo‘mondonlar yig‘ilishida general Demosten Pikulas armiyaning yangi boshlig‘i etib tayinlandi. Shundan so‘ng u mamlakatda xavfsizlik va tartibni saqlash maqsadida harakatlanishini bildirdi. Kechqurun general davlat telekanalini egallagan harbiylar bilan muzokara olib borgan. Yirik muxolif partiya – TIM vakili VVS muxbiriga bildirishicha, mamlakatni hozir CAPSAT boshqarmoqda. Partiya Rajuelina ustidan “lavozimni tashlab ketish” ayblovi bilan impichment jarayoni boshlanishini ma’lum qildi.
Seshanba kuni Prezident saroyi oldida CAPSAT qo‘mondoni, polkovnik Maykl Randrianirina harbiylar hokimiyatni qo‘lga olgani to‘g‘risida gapirdi. Uning bayonotiga ko‘ra, harbiylar ikki yil ichida saylov o‘tkazish va yangi hukumat tuzishni rejalashtirmoqda. Qolaversa, bir necha demokratik tuzilma, jumladan markaziy saylov komissiyasi faoliyati to‘xtatilgan. Shuningdek, polkovnik yoshlar boshchiligidagi harakat hukumat islohotlariga jalb etilishini ta’kidlab, “harakat ko‘chada boshlangan bo‘lsa-da, yoshlar talabiga nisbatan hurmat bilan yondashish kerak”ligini aytgan.
Bunga javoban Prezident devoni mazkur qarorni “harbiy to‘ntarishga urinish” deb baholab, Rajuelina hanuz lavozimdaligini bildirdi. Madagaskar konstitutsiyaviy sudi esa polkovnik Randrianirini mamlakatning yangi rahbari sifatida tan olganini ma’lum qildi.
Xalqaro munosabat
Prezident Emmanuel Makron Rajuelina Fransiya harbiy samolyoti bilan evakuatsiya qilinganini tasdiqlamadi, “Madagaskarda konstitutsion tartib saqlanishi shart”ligiga urg‘u berdi.
– Siyosiy faol yoshlar o‘z so‘zini aytyapti, yaxshi hayot kechirishni xohlayapti, – dedi Makron. – Bu ijobiy holat. Shu bilan birga harakat harbiylar yoki tashqi kuchlar ta’siriga tushmasligi kerak.
Afrika Ittifoqi Xavfsizlik kengashi ham vaziyatnit baholab, “har qanday noqonuniy hokimiyat almashishini qat’iyan rad etamiz”, deya bayonot berdi.
Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy konlarga boy bo‘lishiga qaramay, Madagaskar aholisining 75 foizi qashshoq yashaydi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi (IMF) esa aholining faqat uchdan bir qismi elektr energiyasi bilan yetarli darajada ta’minlanganiga e’tibor qaratgan.
BMT namoyishning ilk kunlarida kamida 22 kishi halok bo‘lgani, 100 dan ziyod odam yaralangani haqida bayonot berdi. Hukumat bu raqamlarni inkor etgan. Kuzatuvchilar aytishicha, xavfsizlik kuchlari namoyishni haqiqiy o‘q bilan bostirishga uringan. Ko‘zni yoshlantiruvchi gaz ta’sirida bir chaqaloq halok bo‘lgani ham aytilyapti.
Andri Rajuelinaning hokimiyatga kelishi
Madagaskar 1960 yil mustaqillikka erishgandan beri bir necha bor siyosiy to‘ntarish va ommaviy norozilikni boshdan kechirgan. 2009 yildagi namoyish natijasida Prezident Mark Ravalomanana iste’foga chiqarilib, o‘rniga aynan Rajuelina kelgan. O‘shanda 34 yoshli Andri Afrikadagi eng yosh davlat rahbariga aylangan. Keyinchalik 2018 yilgi saylovda yana hokimiyatga qaytgan edi. Siyosatga kirib kelishidan avval tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, radiostansiya hamda reklama agentligi tashkil etgan. Keyingi yillarda uning nomi mansabparastlik va korrupsiya bilan bog‘liq ayblov bilan tilga olina boshlagan.
Dilshod Hakimov, O‘zA