“D.P.” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “S.T.” unitar korxonasi Farg‘ona viloyati filiali mas’ul shaxslari tumandagi oqava suv tarmog‘i qurilishida hujjatlarga amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali 373,5 million so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bag‘dod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fosh etildi.
Departamentning Bo‘ka tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa “B.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari M.X. tuman irrigatsiya bo‘limi tasarrufidagi 5 ta kanalni tozalashda hujjatlarga amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali 154,9 million so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlandi.
Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA