Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Maʼrifatli qizning qadami qutlugʻ kelur”
18:41 / 2019-11-29

Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi “Hazora” mahalla fuqarolar yigʻinida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat mahallalar kengashi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilgan targʻibot tadbiri shunday nomlandi.


Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi “Hazora” mahalla fuqarolar yigʻinida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha viloyat mahallalar kengashi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilgan targʻibot tadbiri shunday nomlandi.

Tadbirda oila va mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy muhitni yanada yaxshilash, jamoat va davlat tashkilotlari oʻrtasida bir-birini toʻldiradigan, samarali hamkorlikni joriy etish, ushbu yoʻnalishda jamoat tashkilotlari oʻrtasida imzolangan hamkorlik dasturida belgilangan vazifalar ijrosi keng muhokama etildi.

Shuningdek, oilalarda mehr-oqibat, hamjihatlik yoʻqolib, munosabatlarga manfaat, taʼma aralashayotgani, oʻz bolasining tarbiyasiga loqayd ota-onalar koʻpayib, oilalarda otaning oʻrni sezilmayotgani, oilaviy ajralishlar koʻpayib borayotgani aytib oʻtildi. Qolaversa, jinoyatlar va mulkiy mojarolarda otalar rolining koʻrinmayotgani, ijtimoiy-maʼnaviy muhitda parokandalik, oilaviy munosabatlarda muvozanatning buzilayotgani, jamoat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida muhim ustuvor vazifalar va istiqbolda amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

– Tan olish kerak, bugun ayrim yigit-qizlarimiz mustaqil hayotga tayyorlanmay, turmush qurishyapti, – deydi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Karmana tuman boʻlimi boshligʻi Gulnoza Jalilova. – Buning oqibatini erta ajralishlar ham koʻrsatib turibdi. Afsuski, bugun toʻy-hasham, marosimlarimizda ham beʼmani orzu-havaslar, ota-bobolarimiz amal qilgan urf-odatlarga hurmatsizlik, ortiqcha rasm-rusumlar, dabdababozlik, begona “urf-odatlar”ga koʻr-koʻrona ergashilyapti. Bunday illatlarga barham berish mahallalardagi har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Ayni jihatlarni oʻzida mujassam etgan hamkorlik dasturi ishlab chiqilgan. Unga koʻra, oilalarda mehr-oqibatni mustahkamlash va ajralishlarning oldini olish maqsadida yoshlar oʻrtasida “Koʻring, havas qiling, ibrat oling!” mavzuida davra suhbatlari oʻtkaziladi. Oila muqaddasligi, ota-ona va milliy qadriyatlarga hurmat hissini oshirishga qaratilgan “SMS-xabarnoma” yuborish xizmati yoʻlga qoʻyiladi. Fuqarolik ishlari boʻyicha sud va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi binolarida “Oila burchaklari” tashkil etilib, “Oiladagi totuvlikka birgalikda erishamiz!” shiori ostida aksiyalar, “Oila va jamiyat farovonligi – taraqqiyot omili” mavzusida uchrashuvlar oʻtkaziladi.

Eng muhimi, “Maʼrifatli qizning qadami qutlugʻ kelur” mavzusidagi suhbatlar orqali qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash, kasbga oʻrgatish va bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik va rahmdillik ruhida tarbiyalash borasida nuroniylar va pensiyadagi harbiy xizmatchilar ishtirokida umumtaʼlim maktablarida “Keksalar maʼrifati” mavzusida tadbirlarni muntazam tashkil etishga kelishib olindi.

Shuningdek, muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar va qabristonlarni obodonlashtirish, aholi bilan suhbatlar oʻtkazish, shu jumladan, uyma-uy yurish, aholiga tushuntirish ishlarini olib borishga keng jamoatchilik jalb etiladi. Natijada oilalar va mahallalardagi muhit yanada sogʻlomlashtirilib, aholida salbiy illatlarga nisbatan murosasizlik madaniyati shakllantiriladi, bu mahalla institutini har tomonlama rivojlantirish, ularning ish faoliyatini yanada jonlantirishga xizmat qiladi.

Tadbir ishtirokchilariga Respublika mahallalar kengashi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ittifoqi, “Nuroniy” jamgʻarmasi va “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining oilalar hamda mahallalarda sogʻlom munosabatlar muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan illatlarning oldini olishga qaratilgan qoʻshma murojaati tarqatildi.