Ma’rifat – yagona xaloskor
G‘oyalar kurashi avj olgan asrimizda dunyoda tinchlik, barqarorlikni ta’minlash yo‘lida hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar yuzaga kelmoqda.
G‘oyalar kurashi avj olgan asrimizda dunyoda tinchlik, barqarorlikni ta’minlash yo‘lida hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar yuzaga kelmoqda. Xususan, inson qalbi, ongini egallashga qaratilgan kurashlarning yangidan-yangi usul va vositalari ko‘payib borayapti. Bu borada, ayniqsa, din omilidan foydalanishga urinishlar tobora avj olayotgani xavotirli. Bunday nozik va ayni paytda o‘ta murakkab sharoitda jaholatga qarshi kurashishning yagona chorasi – ma’rifat.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan “Davlat va din“ mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida shu haqda so‘z bordi.
Davlat va din munosabatlari hamma vaqt dolzarb sanalgan. Turli davrlarda xilma-xil mazmun va shakl kasb etgan bunday munosabatlar O‘zbekistonning bugungi taraqqiyotida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Tadbirda shu xususda o‘zaro fikr almashilar ekan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Shuhrat Yovqochev, jumladan, shunday dedi:
– Mamlakatimizda vijdon erkinligi konstitutsiyaviy asosda to‘la-to‘kis ta’minlangan, diniy tashkilotlar faoliyati uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilgan. Diniy sohaga o‘zbek xalqi milliy ma’naviyatining ajralmas qismi sifatida alohida e’tibor qaratib kelinadi. Mana bir misol, shu yilning 4 sentabr kuni davlatimiz rahbarining “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat diniy-ma’rifiy sohani yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan alohida e’tiborga molik. Unda “Jaholatga qarshi – ma’rifat“ degan ulug‘vor g‘oya asosida dinning insonparvarlik, ezgulik va tinchlik kabi tamoyillari hamda diniy bag‘rikenglik ruhini keng targ‘ib qilish bo‘yicha muhim maqsad-vazifalar aks etgan. Bu esa yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi va qonun ustuvorligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston diniy erkinliklar sohasida alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarilgan. BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik“ rezolyusiyasi qabul qilingan. Ayni jihatlar O‘zbekistonning diniy sohada olib borayotgan islohotlari dunyo miqyosida ham munosib e’tirof etilayotganidan yaqqol dalolatdir.
Shunga qaramay, yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga diniy tus berish, soxta g‘oyalarni asl diniy qadriyatlar sifatida talqin qilish va aholi orasida nosog‘lom aqidani singdirish holatlari uchrayotgani afsuslanarli.
Davra suhbatida ishtirok etgan diniy tashkilot vakillari, dinshunos va sharqshunos olimlarning fikricha, ekstremizm va har xil shaklu shamoyildagi mutaassiblikka yo‘g‘rilgan buzg‘unchi urinishlarga osongina ishonib, to‘g‘ri yo‘ldan adashishning asosiy sabablari ilmsizlik, islom dinining tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik mohiyatini to‘liq anglab yetmaganlik bilan bog‘liq. Shu bois yoshlarning ma’naviyati, ma’rifati, axloqiy tarbiyasi, diniy savodxonligini oshirishga e’tiborni yanada kuchaytirish lozim.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar markazi tomonidan tayyorlangan “Jaholatga qarshi ma’rifat“ nomli qo‘llanma ham ayni shu maqsadlarga qaratilgan.
Tadbir doirasida mazkur kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
– Qo‘llanmada islom dini doirasidagi mazhablar, xususan, xanafiylik mazhabi, uning o‘ziga xosliklari keng qamrovli ma’lumotlar, dalillar asosida yoritilgan, – dedi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar markazi direktori Jamoliddin Karimov. – Bugungi kunda islom niqobi ostida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaassib, ekstremistik va terrorchi harakatlarning yuzaga kelish tarixi, g‘oyaviy-aqidaviy asoslari hamda ushbu g‘oyalarning islom ta’limotlariga zid ekani alohida bandlar orqali ochib berilgan. Kitobdan, shuningdek, mashhur ulamolarning zamonaviy ko‘rinishdagi oqimlar tomonidan targ‘ib qilinayotgan g‘oya va tamoyillar islom dini mohiyatiga tamoman yot ekanini asoslab beruvchi fatvolari o‘rin olgan.
Qayd etilganidek, ushbu kitobda muhokama etilgan masalalar, shubhasiz, murakkab va serqirra. Bir qo‘llanma doirasida ularning barcha jihatlarini qamrab olish, to‘liq yoritib berish nihoyatda qiyin, to‘g‘rirog‘i, mumkin emas. Shunday bo‘lsa-da, bayon etilgan fikrlar yoshlarga islom dinining asl mohiyatini tushunib olishda, diniy bilim-ko‘nikmalarini boyitishda katta yordam beradi.