Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Maʼnaviyat – vijdon ishi
15:30 / 2020-06-22

Oʻtgan qisqa fursatda davlatimiz rahbari tomonidan sohaga tegishli qator qarorlar, meʼyoriy hujjatlar imzolandi.


Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov maʼnaviyat-maʼrifat sohasi masʼullari, mahalliy boshqaruv idoralari rahbarlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.

Ochiq aytish kerakki, koʻp yillardan buyon “Maʼnaviyat va maʼrifat” sohasi xodimlari bilan ochiq, doʻstona suhbat boʻlmagan va xodimlarning ish sharoiti, moddiy texnika taʼminoti, muammo va kamchiliklari, ularning yechimi viloyat rahbari darajasida tahlil qilinmagan edi.

Viloyatda maʼnaviy va maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarimizning maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, uzluksiz maʼnaviy tarbiyani shakllantirish, oilalarda milliy qadriyatlar, urf-odatlarga hurmat bilan qarash, milliy-maʼnaviy merosimizga boʻlgan eʼtiborni rivojlantirish kabi maqsadlarga qaratilgan maʼnaviy va maʼrifiy targʻibot tadbirlari koʻplab tashkil qilinmoqda.

Oʻtgan qisqa fursatda davlatimiz rahbari tomonidan sohaga tegishli qator qarorlar, meʼyoriy hujjatlar imzolandi. Shuningdek, bugungi kunda davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni yana-da kuchaytirish maqsadida viloyat, shahar va tuman hokimlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilari lavozimi joriy etildi.

Lekin, ochiq tan olib aytish kerakki, bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlgan bu ikki tizim ish samarasini talab darajasida deb ayta olamizmi?

Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlinmalari tomonidan targʻibot tadbirlarining soni haqida gapiryapmiz. Lekin, ularning samarasi qanday boʻlmoqda? Oʻsib kelayotgan yoshlarimizning tarbiyasiga qanday ijobiy taʼsir koʻrsatyapti? Kim bu savollarga javob beradi?

Toʻgʻrisini aytganda, erishilgan natijalarga qaramasdan koʻplab masalalarga haligacha bugungi islohotlar shiddatiga basma-bas harakat qila olmayotganimiz, hududlarda oʻzimizga tanish boʻlgan maʼnaviy-maʼrifiy muammolarni hal etishda ham rahbariyat topshirigʻini kutib oʻtirgan holatlar ham bor gap. Tashabbuskorlik, fidoyilik kabi muhim hislatlar afsuski, aksariyat hamkasblarimizga yetishmayapti. Buning oqibatida sohaga oid farmon, qaror, dastur va “Yoʻl xarita”lari ijrosi bajarilishida muammolar tez-tez koʻzga tashlanmoqda.

Viloyat hokimi, Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi bilan tashkil etilgan uchrashuvda mana shu jihatlar xususida alohida munozaralar yuritildi va ishimizni tubdan oʻzgartirishimiz lozimligi toʻgʻrisida fikrlar bildirdi hamda kerakli topshiriqlar berildi.

Maʼnaviyat va maʼrifat sohasida olib boriladigan ishlarimiz bir kunlik emas. Bugungi axborotlar juda keng tarqalayotgan, shu bilan birga, “ommaviy madaniyat” tahdidi kundan-kun kuchayib ketayotgan bir vaqtda viloyatimiz ahlini, yoshlarimizni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash maʼnaviyatchining vijdon ishi boʻlmogʻi lozim. Hatto chetdan baloyu ofat boʻlib bostirib kelgan koronavirus pandemiyasidan ham xalqimizni qanday asrashni bilamiz, biroq yoshlarimiz oʻrtasida oilaviy ajrim, jinoyatchilikning turli koʻrinishlari urchib kelayotganligi kishini tashvishga soladi.

Koronavirus pandemiyasi sababli taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlarda olib boriladigan maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlarimizda uzilishlar boʻldi. Karantin choralari tugashini kutmasdan, albatta, bu ishlarni yoʻlga qoʻyish, viloyat taʼlim muassasalaridagi yoshlarni, mahallalarda yosh oilalar, oila quruvchi yoshlar, ayniqsa, doimiy eʼtibor qaratishimiz zarur boʻlgan uyushmagan yoshlarni ushbu yoʻnalishda toʻliq qamrab olish bizlarning asosiy vazifamiz hisoblanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, maʼnaviy yoʻnalishlarimiz iqtisodiy yoʻnalishlardan oʻn qadam oldinda yurishi kerak. Ana shunda biz hozirda qilayotgan katta-katta rejalarimiz, dasturlarimiz amalga oshadi. Zero, maʼnaviyat va maʼrifat insonning insoniyligini bildiruvchi, uning ruhiy olamini tarbiyalovchi asosiy vositadir.

Sayyora Fayziyeva,
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
viloyat boʻlimi rahbari, Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati