Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Luvr muzeyida asr o‘g‘irligi sodir bo‘ldi
19:25 / 2025-10-23

Kuni kecha dunyo jamoatchiligi, ayniqsa, san’atsevarlar xalqaro miqyosdagi ko‘ngilsizlikka guvoh bo‘lishdi. Gap shundaki, yaqinda Parijdagi mashhur Luvr muzeyiga o‘g‘ri tushdi. Ular to‘qqizta zargarlik buyumini, jumladan, fransuz malikalari va imperatorlariga tegishli bo‘lgan sirg‘alar, marjonlar va to‘g‘nag‘ichlarni o‘g‘irlab ketishga muvaffaq bo‘lgan. Talonchilikdan ko‘rilgan zarar 88 million yevroga baholanmoqda.

Fransiya prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, talonchilikni to‘rt kishidan iborat guruh bor-yo‘g‘i to‘rt daqiqa ichida uddalagan. O‘lka ichki ishlar vaziri Loran Nunesning aniqlik kiritishicha, o‘g‘rilar muzeyga liftga o‘rnatilgan narvon yordamida deraza orqali kirishgan. 

Keyinroq, ular skuterlarda voqea joyidan qochib ketgan. Parij politsiyasining sobiq mulozimlaridan biri o‘g‘rilar voqea joyini oldindan ko‘zdan kechirgan, deb hisoblaydi.

Ommaviy axborot vositalari yozishicha, hayriyatki, muzey kolleksiyasidagi og‘irligi 140 karatdan ortiq bo‘lgan “Regent” olmosi o‘g‘irlanmagan. Huquq-tartibot xodimlari jinoyatchilar xorijliklar bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmayapti.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz: dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan Luvr muzeyi 1793 yilda ochilgan bo‘lib, bino ilgari qirollik qarorgohi bo‘lgan.

Shahar prokurori Laure Bekko ta’kidlashicha, jinoyatchilar zargarlik buyumlarini eritib yoki mayda bo‘laklarga bo‘lishga harakat qilsalar, uning qiymatini qoplash mushkul. Shu bois, u jinoyatchilar fikrini o‘zgartirib, qimmatbaho buyumlarga zarar yetkazmaslikka umid bildirmoqda.

Figaro gazetasi yozishicha, Luvr muzeyi direktori Lorens Des Kars mazkur o‘g‘irlikdan so‘ng iste’foga chiqishi haqida ariza bergan. 

U iste’foga ariza berdi, biroq bu behuda. Prezident Emmanuel Makron so‘nggi kunlarda unga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilib, “o‘zingizni qo‘lga oling”, degan. Muzeyni ta’mirlash ishlari to‘xtab qolishi haqida gap bo‘lishi mumkin emas, deyiladi maqolada.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Telegram” ilovasi asoschisi Pavel Durov ijtimoiy tarmoq orqali Luvrdan o‘g‘irlangan zargarlik buyumlarini mamnuniyat bilan sotib olishini va ularni Abu-Dabidagi muzeyga sovg‘a qilishini ma’lum qilgan.

Avvalroq, Durov Luvrdagi talonchilikdan ajablanmaganini aytgandi. U buni Fransiyaning tanazzulga uchrayotganining yana bir alomati ekani, hukumat xalqni real tahdidlarga qarshi turish o‘rniga xayoliy tahdidlar bilan chalg‘itayotganini ta’kidlagan.

S.Rahimov, O‘zA