Dunyoda eng ko‘p tashrif buyuriladigan Luvr muzeyining yuzlab xodimlari moliyalashtirishdan qattiq noroziligini bildirishmoqda. Bu norozilikka muzey xodimlarining qorovullaridan tortib barchasi qo‘shilgan, deb xabar bermoqda Yevronyus.
So‘nggi paytlarda muzey bilan bog‘liq bir necha noxush vaziyatlar yuz berdi. Esingizda bo‘lsa Luvrga qilingan o‘g‘irlik ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. Keyinchalik muzeydagi kutubxonani suv bosdi. Bu ham yetmaganday mashhur muzeyning tom qismi qulab tushish arafasida ekani aytilmoqda.
Rojdestvo bayrami arafasida, Parijga sayyohlar oqimi avj olgan paytda dunyodagi eng mashhur muzey hisoblangan Luvrning kamida bir sutkaga yopilishi, muzey xodimlarining sabr kosasi to‘lganini bildiradi. Negaki, dushanba kuni taxminan 400 nafar xodim kasaba uyushmalari chaqirig‘iga bir ovozdan qo‘shilib, mehnat sharoitlarining yomonlashuvi va qator favqulodda hodisalarga qarshi ish tashlashga chiqdi.
Kasaba uyushmasi xodimi Valeri Bodning aytishicha xodimlar norozilikni qo‘llab-quvvatlagan, chunki ularning mehnat sharoitlari juda yomon. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda xodimlar soni qisqartirilgani, maosh kamligi ham norozilikka sabab bo‘lmoqda. «Luvrda juda yaxshi ishlasangiz ham, baribir vazirlikdagi xodimlardan kam maosh olasiz», - deydi u.
Muzeydagi inqiroz 19 oktyabr kuni sodir bo‘lgan o‘g‘rilikdan keyin yanada kuchaydi. O‘sha kuni kunduzi Apollon galereyasidan Fransiya qirollik xazinasiga tegishli sakkizta buyum o‘g‘irlab ketildi. Xodimlarning ta’kidlashicha, kadrlar yetishmasligi, texnik nosozliklar va binolarning umumiy eskirishi sababli, ular har kuni tashrif buyuruvchilarning ba’zi kolleksiyalarga kirishini cheklashga majbur bo‘lmoqda.
Kasaba uyushmalari Luvr rahbariyatidan xavfsizlikni ta’minlash va mehmonlarni qabul qilish uchun 200 ta qo‘shimcha shtat birligini joriy etishni talab qilmoqda. Ular vaqtinchalik emas, doimiy mehnat shartnomalariga ustuvorlik berishni so‘rashmoqda.
Avvalroq Fransiya Hisob palatasi auditorlari ham tekshiruv o‘tkazib, Luvr binosining asta-sekinlik bilan mustahkamlik darajasi yo‘qolib borayotganini ta’kidlashgan edi. Ular «Luvr Abu-Dabi» brendi litsenziyasidan tushadigan daromadlarni yangi loyihalarga emas, asosiy muzeyni tiklashga yo‘naltirishni tavsiya qilgan.
O‘tgan hafta Luvr vakillarini Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati qabul qildi. U 2026 yil byudjeti loyihasida ko‘zda tutilgan davlat moliyalashuvini 5,7 million yevroga qisqartirish rejasi bekor qilinishiga va’da berdi. Bu muzeyga ajratiladigan subsidiyani avvalgi yillar darajasida saqlab qolish imkonini beradi, xolos. Ammo xodimlarning fikricha, bu chora Parij ramzi bo‘lgan muzeydagi mavjud muammolarni hal etish uchun yetarli emas.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/7JdGMDBc7F0" title="Luvr muzeyi xodimlari norozilik uyushtirishdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA