Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Luqma: Prezident qarori ijrosi nega ta’minlanmayapti?
14:46 / 2022-07-20

Keyingi yillarda mamlakatimizda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilib, yangidan-yangi tashabbuslar hayotimizga joriy qilinmoqda.

Jadal islohotlarga mos ravishda Prezident tomonidan qabul qilinayotgan farmon, qaror va boshqa hujjatlar soni ham ko‘paydi. Ammo, afsuski, ayrim joylarda mana shu qabul qilinayotgan hujjatlarning ijrosi masalasida sustkashlik, e’tiborsizlik, mas’uliyatsizlik holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani ham bor gap. 

Uzoqqa bormaylik, 2019 yil 2 dekabrda Prezidentning “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, unda O‘zA faoliyatini takomillashtirish yuzasidan ijroiya organlariga bir qator vazifalar yuklatilgan edi.

Mazkur qarorning e’lon qilinganiga 2 yilu 7,5 oydan oshdi. Jumladan, ushbu hujjatning 11-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zA bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishlicha:
Qoraqalpog‘iston axborot agentligini joylashtirish uchun bino ajratish va uni Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining qo‘shimcha manbalari, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga ta’mirlash va jihozlash;
O‘zAning viloyatlardagi mintaqaviy muxbirlik punktlarini tashkil etish uchun viloyatlar markazlaridan zarur shart-sharoitlarga ega binolardan tekin foydalanish huquqi asosida joy ajratish, ularni belgilangan tartibda ta’mirlash va jihozlash choralarini ko‘rishi belgilangan.

Ijro uchun yo‘llanganiga salkam 3 yil bo‘layotgan mazkur qaror ijrosi ayrim viloyatlarda “xona ajratdikmi, ajratdik” qabilida naridan- beri xo‘jako‘rsinga ta’minlangan bo‘lsa-da, ming afsuski, ba’zi viloyatlarda hali bu haqda o‘ylab ham ko‘rilmagan.

Demoqchimizki, ayrim viloyatlarda O‘zA muxbirlik punktlari uchun joy ajratilgan,  biroq belgilangan tartibda ta’mirlash va xonani jihozlash ishlari yakuniga yetkazilmagan. Ya’ni Prezident qarorining ijrosi to‘liq bajarilmagan.

Jizzax viloyatida Prezident qarori ijrosi doirasida viloyat hokimi topshirig‘iga binoan mintaqaviy muxbirlik punkti uchun ajratilgan joyni  yangi kelgan rahbarlardan biri   tortib olganini qanday izohlash mumkin?! Mana sizga, Prezident qaroriga munosabat?!  

Gap shundaki, Jizzax viloyatida O‘zAning muxbirlik punktini tashkil etish uchun rosa yugur-yugurlardan keyin 2021 yilning iyul oyida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev topshirig‘i bilan Jizzax shahri Sharof Rashidov shoh ko‘chasidagi Bolalar-o‘smirlar sport maktabiga qarashli binoning 2-qavatidan 1 ta xona ajratib berilgandi. Lekin bu xona sport va turizm sohalari alohida-alohida vazirlik sifatida ajratilganidan so‘ng viloyat sportni rivojlantirish ishlari bosh boshqarmasi boshlig‘ining yangidan tayinlangan o‘rinbosari Abdug‘affor Hosilmurodov tomonidan egallab olingan. 

Aytishlaricha, o‘rinbosar O‘zA viloyat muxbiri 2022 yil mart oyida mehnat ta’tilida, fotomuxbir esa xizmat safarida bo‘lganidan foydalanib, “Endi turizm bo‘yicha o‘rinbosar bizning rahbarimiz emas, uning topshirig‘i bizga o‘tmaydi, kim nima desa, o‘zim javob beraman” deya eshik qulfini buzdirib, o‘zboshimchalik bilan xonani egallabdi.

O‘zAning viloyat muxbiri Jizzax viloyat hokimining o‘rinbosari Sindar Rahmonqulovni, viloyat hokimi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Azamat Darxonovni, viloyat hokimining yordamchisini holatdan xabardor qilganiga qaramay, to‘rt oydan buyon hech qanday amaliy chora ko‘rilmayapti. 

Ayni paytda Jizzaxda O‘zAning viloyat mintaqaviy muxbirlik punkti (xonasi) mavjud emas. Muxbirlar 4 oydan buyon turli internet kafelarda, axborot- resurs markazida, dalada, xiyobonlarda ko‘chada va uyida ijod qilmoqda...

Bundan  battari bo‘lishi mumkin emas, dersiz? Yo‘q, mumkin ekan. Xorazm viloyati hokimi Prezidentimizning 2019 yil 2 dekabrdagi PQ-4541-sonli qaroridan umuman bexabar bo‘lsa kerak. Aks holda Urganchda O‘zAning mintaqaviy muxbirlik punktini bekamu ko‘st qilib tashkil etib bergan bo‘lar edi. Balki ushbu maqolamiz Xorazm viloyati hokimligiga yetib borgach, janob hokim davlatimiz rahbarining bu qarori bilan tanishib chiqarlar-a?

Muxtasar aytganda, viloyatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 dekabrdagi “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashda mas’uliyatsizlik holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.  

Bu holatni joylardagi mutasaddilar, viloyat hokimlari qanday izohlashini bilmaymizu, biz buni hukumatimizga, Prezidentimiz qaroriga bepisandlik va topshiriqlarni bajarishga mas’uliyatsizlik bilan qarash sifatida baholaymiz. 

Yangi O‘zbekistonni birgalikda, hamjihatlikda barpo etarkanmiz, har birimiz amalga oshirilayotgan islohotlar, xayrli tashabbuslarga “labbay” deb javob berishimiz, jonajon O‘zbekistonimiz obodligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida kamarbasta bo‘lishimiz ham farz, ham qarzdir. Ta’kidlash joizki,  Prezident tomonidan qabul qilinayotgan barcha hujjatlar va topshiriqlarning ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash mamlakatimiz taraqqiyotiga  xizmat qiladi.

Alovuddin G‘afforov, O‘zA