Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Luosang Jiangsun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida keyingi yillarda O‘zbekiston – Xitoy strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi formatga ega bo‘lgani, mamlakatlarimiz xalqaro maydonda ham faol va samarali hamkorlik qilayotgani alohida e’tirof etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning siyosiy irodasi va muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi samarali muloqotlar mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi tarixiy cho‘qqilarga ko‘tarish imkonini bergani qayd etildi.
Mehmonlarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda Qonunchilik palatasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

L.Jiangsun so‘nggi sakkiz yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ulkan natijalar berayotganini yuqori baholadi. O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida yangi bosqichga chiqayotgani, mamlakatda farovon jamiyat qurish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni tashrifi davomida ko‘rganini bildirdi.
L.Jiangsun Parlamentlararo Ittifoqning 150-assambleyasi haqida to‘xtalar ekan, ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ishtiroki va tarixiy nutqi parlamentlar ishini rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ochganini qayd etdi.

— Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi yuksak samimiyatga asoslangan do‘stlik davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishiga mustahkam asos bo‘lmoqda. O‘zbekistonning shiddat bilan rivojlanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Davlatingiz rahbari tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan mazkur nufuzli sammit mamlakatingizning xalqaro miqyosdagi obro‘sini yana bir bora oshirmoqda. Biz uchun mana shunday samimiy muloqotlar muhiti yaratib berilganini yuksak qadrlaymiz, – dedi L.Jiangsun.
Konstruktiv ruhda o‘tgan muloqotda ikki tomonlama hamkorlikni, xususan, parlamentlararo va xalqaro parlament tashkilotlari doirasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, parlamentlararo do‘stlik guruhlarining amaliy muloqotini yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
M.Komilova, O‘zA