French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Loyihalar ijrosi muhokama qilindi
17:55 / 2025-11-10

Jizzax viloyatida “Tashabbusli byudjet” loyihalarining ijrosi muhokama qilindi.

Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tashabbusi bilan o‘tgan yig‘ilishda mahalliy hokimliklar vakillari, xalq deputatlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Majlisni qo‘mita raisi Erkin Gadoyev boshqardi.

Yig‘ilishda asosiy e’tibor “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida g‘olib bo‘lgan loyihalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi, shuningdek, fuqarolar ishtirokining samaradorligini oshirish masalalariga qaratildi.

So‘nggi yillarda mamlakatda byudjet jarayonlarida ochiqlik va fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi. 2021 yildan buyon fuqarolar “Ochiq byudjet” axborot portali orqali o‘z hududlari uchun dolzarb bo‘lgan loyihalarni ilgari surish va ovoz berish orqali mahalliy rivojlanishda bevosita ishtirok etib kelmoqda. Bu jarayon nafaqat davlat boshqaruvida shaffoflikni ta’minlaydi, balki odamlarning jamoat ishlariga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlaydi.

Prezidentning 2018 yil 22 avgustdagi “Byudjet ma’lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2021 yil 13 apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari asosida mahalliy byudjet mablag‘larining ma’lum qismi aynan jamoatchilik fikriga tayanilgan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirib kelinmoqda.

Jizzax viloyatida bu tizimning amaliy samarasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. 2024 yilda viloyat bo‘yicha 2897 ta loyiha ilgari surilib, shundan 250 tasi (qiymati 301 milliard so‘m) g‘olib deb topilgan. Ular, asosan, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarini modernizatsiya qilish, ko‘cha chiroqlarini o‘rnatishga qaratilgan bo‘lib, shundan 247 ta loyiha to‘liq amalga oshirilgan.

2025 yilda esa fuqarolar tashabbusi yanada kuchaydi: 2444 ta loyiha taqdim etilgan bo‘lib, ulardan 216 tasi (qiymati 277 milliard so‘m) g‘olib deb topilgan. Bu loyihalar asosan ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, ta’lim muassasalarini ta’mirlash va sog‘liqni saqlash infratuzilmasini yangilashni nazarda tutadi.

Yilning uchinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Jizzax viloyati “yashil” toifaga kiritildi. Eng faol tumanlar sifatida Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Zarbdor, Zafarobod, Mirzacho‘l, Paxtakor, Forish va Yangiobod tumanlari qayd etildi.

Majlis yakunida qo‘mita raisi Erkin Gadoyev “Tashabbusli byudjet” jarayonlarini amalga oshirishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va shaffoflikni ta’minlash muhim ekanini ta’kidlab, mas’ul idoralarga loyihalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Tahlil nuqtai nazaridan, “Tashabbusli byudjet” fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki va jamoatchilik nazoratining yangi mexanizmi sifatida shakllanmoqda. U mahalliy rivojlanishga yangicha yondashuvni, ya’ni “davlat va fuqaro hamjihatligida taraqqiyot” g‘oyasini amalda namoyish etmoqda.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri