Prezidentimiz tashabbusi bilan joylarda tashkil etilayotgan “Loyihalar fabrikasi” aholi, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ushbu sohaga istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va mahalliy hamda xorijiy investorlarga taqdim etishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Bunda g‘oyani loyihaga, loyihani korxonaga, korxonani eksportyorga aylantirish ko‘zda tutilgan.
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida TIF «Milliy banki»ning «Loyihalar fabrikasi» Surxondaryo viloyati mintaqaviy bo‘limi tomonidan yoshlarni biznes va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, ularda zamonaviy biznes yuritish g‘oyalarini shakllantirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan seminarda shu haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2021 yil 13 iyuldagi «Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni, 2021 yil 21 apreldagi «Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Seminarda davlatimiz rahbarining 2020 yil 12 maydagi “2020 – 2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan “Loyihalar fabrikasi” markazlari va ularning vazifa va maqsadlari, xizmatlar ko‘rsatish tartiblari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, «Loyihalar fabrikasi» muayyan mintaqaning rivojlanish salohiyatini hisobga olgan holda loyiha takliflarini ishlab chiqib, ularni amalga oshirishdan manfaatdor bo‘lgan investor-tadbirkorni aniqlaydi. Tijorat banklari tomonidan keyinchalik kreditlash yoki xorijiy investorni jalb etish uchun loyiha hujjatlarining to‘liq to‘plamini tayyorlash bosqichigacha tashabbuskor-tadbirkor bilan biznes g‘oyalarni ishlab chiqadi. Bu jarayonda investitsion loyihaviy g‘oyalarni o‘rganadi, chuqur tahlil qilib, loyiha takliflarini shakllantiradi. Loyiha takliflarining dastlab birlamchi hisob-kitoblarini amalga oshiradi, taqdimotlar tayyorlaydi va himoya qiladi. Loyiha takliflari ma’qullangach, ular bo‘yicha biznes-rejalar ishlab chiqadi. Investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga dastlabki va yakuniy qarorlar, ruxsatnomalar va litsenziyalarni olishda konsultativ yordam ko‘rsatadi.
– Yoshlar uchun ajratilgan yoshlar kichik tadbirkorlik zonalari, yoshlar tadbirkorlik va sanoat zonalari uchun loyihalar ishlab chiqayapmiz, – deydi «Loyihalar fabrikasi» Surxondaryo viloyati mintaqaviy bo‘limi bosh menedjeri Ilhom Shometov. – Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yosh tashabbuskorning murojaatiga asosan, tadbirkorlik faoliyati yuzasidan konsultativ yordamlar ko‘rsatyapmiz. Biznes-reja va loyiha taklifining dastlabki tezkor hisob-kitoblarini ishlab chiqib, taqdim etmoqdamiz. Yosh tadbirkorlar uchun ishlab chiqilgan loyiha takliflari, biznes-rejalar va boshqa kerakli hujjatlarni tayyorlashda konsultativ yordam ko‘rsatyapmiz. Joylarda yosh tadbirkorlar va tadbirkor bo‘lish istagidagi yoshlar uchun ochiq muloqotlar, mahorat darslari tashkil etib, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
«Loyihalar fabrikasi» menedjerlari loyiha takliflarini moliyalashtirish uchun ularning iqtisodiy samaradorligi, tavakkalchilik darajasi va kreditlarning qaytariluvchanligi bo‘yicha ekspertiza qilinishini ta’minlaydi. Banklar taqdim etgan loyiha takliflarini ishlab chiqadi. Moliyaviy modellashtirilgan loyiha biznes-rejasi, loyiha prezentatsiyalari va pasportlarini tayyorlaydi.
Seminarda Termiz davlat universiteti texnika fanlari doktori Panji Tojiyev va tayanch doktoranti Aziza Xolboyeva «Innovatsion loyihalarning hayotga tatbiq etilishi», «Innovatsion g‘oyalarning yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishdagi ahamiyati» kabi mavzularda ma’ruza qildi.
– Mamlakatimizda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibordan juda mamnunmiz, – deydi Termiz shahridagi “MMM BOOK KAFE” oilaviy korxonasi rahbari Muhammadi Akbarov. – Ushbu tadbirda ham biz, yosh tadbirkorlar va tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yigit-qizlar uchun juda ko‘p foydali tavsiyalar berildi. Ayni paytda korxonamiz aholiga ovqatlanish xizmati ko‘rsatib kelmoqda. Endilikda kovorking markaz barpo etyapmiz. Reklama agentligi xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. bugungi tadbirda ishtirok etib, bu yo‘nalishni yo‘lga qo‘yish uchun «Loyihalar fabrikasi» xizmatidan foydalanib, 70 ming dollar miqdorida imtiyozli kredit olishga ahd qildim. Chunki, kreditning imtiyozi va so‘ndirilish muddati menga juda ma’qul bo‘ldi.
«Loyihalar fabrikasi»ning Surxondaryo viloyati mintaqaviy bo‘limi o‘tgan davrda qurilish materiallari, mebel va qog‘ozsozlik, oziq-ovqat, tekstil va to‘qimachilik, kimyo sanoati, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa sohalarda qiymati 319,1 milliard so‘mlik 231 ta biznes loyiha ishlab chiqdi. Mazkur biznes loyihalarning 167,5 milliard so‘mi tijorat bankining kredit va 151,96 milliard so‘mi tashabbuskor mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda. Buning natijasida 2 ming 345 ta yangi ish o‘rni yaratilayotir.
Seminar yakunida yosh tadbirkorlar va biznes bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan yigit-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA