Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Loyihalar fabrikasi”ni rivojlantirish uchun “Dubai future foundation” koʻmagi jalb qilinadi
10:57 / 2020-06-23

Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Shuhrat Vafoyev, vazirlik huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqarish markazi direktori XurramTeshaboyev...


Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Shuhrat Vafoyev, vazirlik huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqarish markazi direktori XurramTeshaboyev, BAA hukumat va kelajak ishlari boʻyicha vazirligining yetakchilik va davlat imkoniyatlari Kotibiyati direktori oʻrinbosari Yosir Al Naqbiy hamda “Dubai Future Foundation” bosh direktori Xalfan Belhoul ishtirokida videokonferensiya boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv davomida Amirlik tomoni “Dubai Future Foundation”ning innovatsion, talabgor investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi faoliyati, imkoniyatlari haqida maʼlumot taqdim etdi, shuningdek, biznes-inkubatorlarni yaratish borasidagi tajriba bilan oʻrtoqlashdi.

Muzokaralar yakuni boʻyicha Markaz va “Dubai Future Foundation” oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Markaz salohiyatini oshirish va Markaz qoshida faoliyat yuritayotgan “Loyihalar fabrikasi” samaradorligini oshirishga qaratilgan oʻquv dasturi tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Dasturning asosiy vazifasi yangi yirik investitsiya loyihalarini ishlab chiqishdan iborat boʻladi.

Maʼlumot uchun: 2016-yilda BAA vitse-Prezidenti va bosh vaziri Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktum tomonidan tashkil etilgan “Dubai Future Foundation” BAA kelajagini rejalashtirish va shakllantirishda asosiy rol oʻynaydi. DFF Dubayni kelajakning yetakchi shahriga aylantirishga intiladi, yetuk ziyolilar va koʻplab istiqbolli kashfiyotchilar uchun global yoʻnalish sifatida Dubay pozitsiyasini mustahkamlashga yordam beradi. Shuningdek, startaplarni qoʻllab-quvvatlab, butun dunyo boʻylab innovatsion loyihalarni aniqlash yoʻlida faoliyat yuritadi.

Bugungi kunda DFF Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan ixtisoslashtirilgan onlayn portal orqali keng aholi uchun bepul masofaviy taʼlim beruvchi “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida hamkorlik qilmoqda. Keng qamrovli loyihani amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning BAAga 2019-yil mart oyidagi tashrifi chogʻida erishilgan.

Manba: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi sayti