O‘z faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan Navoiy viloyati “Saodat sari” ijtimoiy ko‘mak markazi nodavlat notijorat tashkiloti bugungi kunda yoshlarga, xotin-qizlarga chinakam ko‘makchi bo‘lmoqda.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishda ko‘maklashish, bunda “Inson qadri uchun” degan bosh g‘oyani ilgari surgan holda yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar, nogironligi bor va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholining siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va tadbirkorlik sohalaridagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishni o‘z oldiga maqsad qilgan ushbu tashkilot bugungi kunda bir qator ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda tashabbuskor bo‘lmoqda.
Markazing “Milliy kutubxona – milliy qadriyatlar maskani” nomli loyihasi Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, ushbu loyiha aynan xotin-qizlarni qo‘llab quvvatlash, ayniqsa, uyda o‘tirgan uy bekalari va o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazish, ayollarni ilm-ma’rifatli, kitobxon qilish maqsadini ko‘zlab tashkil etilgan.

– Loyiha doirasida Navoiy shahridagi Ma’rifat mahallasida keng, zamonaviy, shinam kutubxona ishga tushurildi, – deydi markaz rahbari Shalola Shokirova. – Kutubxona 530 ta badiiy, ilmiy, ommabop va psixologik adabiyot bilan boyitildi. Shuningdek, kutubxona 350 ta elektron kitob, 180 ta audio kitob jamlanmasiga ega. Kutubxonadan shahardagi “Ma’rifat”, “Taraqqiyot”, “Ziyokor”, “Muruvvat”, “Bahor”, “Umid”, va “Orzu” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchilar va yoshlar foydalanishadi. Kutubxona Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Navoiy davlat pedagogika institutiga yaqin masofada joylashgan bo‘lib, ushbu oliy ta’lim muassasalarining talabalari ham kutubxonadan keng foylanmoqda. Bugungi kunda kutubxona doimiy foydalanuvchilarining aksariyat qismini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu quvonarli hol, albatta.
– Kutubxonada tashkil etilgan kitoblarning elektron stillajining boshqa elektron kutubxonalarda tashkil etilgan elektron kitob burchaklaridan farqi shundaki, har 6 oyda elektron kitoblar almashtirib turiladi, – deydi foydalanuvchilardan biri Zuhra Karimova. – Yana bir farq shundaki, kutubxonaga eng so‘nggi asarlar keltirilishi bilan birgalikda, kutubxonadagi bolalar adabiyotiga bag‘ishlangan kitoblar 3 tilda yozilgan. Til o‘rganayotgan, tarjima bilan shug‘ullanuvchi yoshlar uchun bu bir qator qulayliklarni taqdim etadi.

2023-yilda “Saodat sari” ijtimoiy ko‘mak markazining yana bir “Hunarli farzand – jamiyat yutug‘i” nomli loyihasi Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi huzuridagi NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirildi.
Loyihaning maqsadi gender tenglikni ta’minlash, qizlarning bitta hunar egasi bo‘lishiga ko‘maklashishdir.
Loyiha doirasida Karmana tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabida kasb-hunar xonasi barpo etildi. Kasb-hunarga yo‘naltirish xonasi 5 ta “MAUSER” rusumli tikish mashinasi, 1 ta “DOLLOR” rusumli 4 ipli overlok mashinasi, dazmol va dazmol stoli, bichish stoli bilan jihozlandi.

Bugungi kunda bu yerda 500 ga yaqin o‘quvchi qiz, shuningdek, 10 ga yaqin o‘qituvchi oilaviy daromadlarini oshirish maqsadida darsdan tashqari hunar ham o‘rganmoqda.
Loyiha rejasiga muvofiq, o‘quvchi qizlar bilan kasb-hunarga yo‘naltirish xonasida soha mutaxassislari, tadbirkorlar, ishlab chiqarish va eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor rahbarlarning uchrashuvlari, mahorat darslari o‘tkazib kelinmoqda.

Hozir markaz maktab ma’muriyati hamda ota-onalar tomonidan yigitlar uchun ham ustachilik, duradgorlik, chilangarlik, sartaroshlik va boshqa hunarlarni o‘rgatishga moslashtirilgan kasb-hunarga yo‘naltirish xonasi tashkil etilishi yuzasidan qilingan murojaat yuzasidan loyiha tayyorlamoqda.
Ushbu markaz viloyatdagi 50 ga yaqin NNT va davlat tashkiloti bilan yaqindan aloqa o‘rnatgan bo‘lib, hozir aholining huquqiy madaniyatini oshirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, kitobxonlikni rivojlantirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash va xotin-qizlarning siyosiy bilimlarini oshirish maqsadida qator tadbirlar tashkil etilmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri