Nukus shahrining kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga start berilishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutadigan voqealardan biri bo‘lgan yangi loyihaning boshlanishi munosabati bilan tabrikladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida aholi manfaati uchun xizmat qiluvchi infratuzilma ob’ektlarini barpo etish borasidagi chora-tadbirlar yangi bosqichlarga ko‘tarilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 10 martdagi qarori asosida tasdiqlangan “Nukus shahri, Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlari markazlarida oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi asosida "Jahon banki" ning 78 million AQSH dollari mablag‘i hisobidan Nukus shahri, Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlarida 286 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i va ob’ektida qurilish ishlarini olib borish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, bundan qariyb 50-60 yil oldin qurilgan kanalizatsiya tarmoqlari eskirib, bugungi kun talabiga javob bermaydigan darajaga kelib qolgan. Mazkur loyiha doirasida Nukus shahrida 30,0 ming m3/sutka quvvatli yangi oqova suv tozalash inshootini, oqova suv tarmog‘ini (192 km) va oqova suv nasos stansiyasini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Jumladan Nukus shahrining “Chimboy guzari”, “Toshloq”, “Ota makon”, “Kutli makon”, “Allaniyaz qahraman”, “Qutli qonis”, “Uzun ko‘l”, “Botanika bog‘i” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlaridan oqova suv tarmog‘i o‘tkaziladi.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida 1 ming 171 ta xonadonga oqova suv chiqarish xizmati ko‘rsatiladi va Nukus shahrida oqova suv xizmati bilan qamrov darajasi 27,6 foizdan 46 foizgacha oshishi kutilmoqda. Bu esa nafaqat aholining turmush sifatini yaxshilash, balki shaharning ekologik holatini barqarorlashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, kanalizatsiya tarmoqlaridan yig‘ilgan suvlarni qayta ishlash orqali texnik va xo‘jalik maqsadlarida foydalanish uchun yaroqli suvga aylantiriladi va aholining tomorqa yerlariga yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.
Yaqin kunlarda loyiha doirasida Xo‘jayli va Taxiatosh tumanlarida ham kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash ishlari boshlanadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri