“Buxorogazsanoatqurilish” AJ maxsus montaj va mexanizatsiya unitar korxonasi tomonidan “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududida oqova suv tarmog‘i va oqova suvlarni tozalash inshootlarida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.

— Umumiy qiymati 37 milliard so‘m bo‘lgan ob’ektda loyihaga ko‘ra 3,8 kilometr oqova suv tarmog‘i va 1 dona oqova suv tozalash inshootini qurish rejalashtirilgan, – deydi “Buxoro suv ta’minoti” MCHJ direktori Shoxruxali Sadillayev. – Ayni vaqtga qadar 3,8 kilometr oqova suv tarmog‘i yotqizilgan. Hozirgi kunda umumiy maydoni 1,5 gektarni tashkil etuvchi inshootda oqova suvlarni biologik tozalashga mo‘ljallangan qurilma, oqova suvlarni haydashga mo‘ljallangan nasoslar, tozalangan maishiy oqova suvlarni ultrabinafsha nurlari bilan zararsizlantirishga mo‘ljallangan qurilma hamda texnik havo bilan ta’minlashga mo‘ljallangan kompressorlar o‘rnatilmoqda.

Mazkur ob’ekt foydalanishga topshirilgandan so‘ng nafaqat “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi hududidagi tadbirkorlik sub’ektlari, balki G‘ijduvon tumani markaziy qismidan chiqadigan texnik va oqova suvlarni tozalash hisobiga atrof-muhitga salbiy ta’sirlarning oldi olinadi.

Viloyat hokimi Botir Zaripov mazkur ob’ektda bo‘lib, qurilish-montaj ishlarining borishini ko‘zdan kechirdi. Mas’ullarga qurilish ishlarini jadalashtirish bilan bog‘liq topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Zarif Komilov, O‘zA