Barchamizga yaxshi ma’lum, so‘nggi yillarda yurtimizda ko‘kalamzorlashtirish, daraxt ko‘chatlarini ekish, ularni himoya qilish va yashil maydonlarni kengaytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilayotgani O‘zbekistonning ekologik barqarorligini mustahkamlash, aholi uchun sog‘lom va toza muhit yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati Ahmed Reymov o‘zi saylangan “Bog‘chilik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ushbu loyiha doirasidagi navbatdagi tadbirni tashkil etdi. Unda mahalla faollari, yoshlar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Dastlab deputat Ahmed Reymov so‘zga chiqib, mazkur loyihaning ahamiyati, uning ekologik barqarorlikni saqlashdagi o‘rni, shuningdek, daraxt ekish madaniyatining jamiyat hayotidagi ahamiyati haqida fikr bildirdi. U o‘z nutqida ko‘kalamzorlashtirish jarayonlariga har bir fuqaro faol hissa qo‘shishi zarurligini, yashil maydonlarni yaratish va asrab-avaylash kelajak avlodga munosib ekologik meros qoldirishning eng samarali yo‘li ekanini ta’kidladi.
Shundan so‘ng deputat va mahalla ahli birgalikda manzarali hamda mevali daraxt ko‘chatlarini ekish jarayonini boshlab yubordi. Tadbir davomida hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos bo‘lgan turli ko‘chatlar ekilgani, ularni parvarishlash bo‘yicha mas’ul guruhlar belgilangani katta amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ishtirokchilarning ta’kidlashicha, bunday sa’y-harakatlar nafaqat hudud qiyofasini tubdan o‘zgartirishga, balki ekologik muhitni yaxshilash, atmosfera havosini tozalash, yoshlarni tabiatga mehr ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Mahalla ahli deputat tomonidan boshlanayotgan ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan holda, yashil makonlarni ko‘paytirish borasidagi ishlarni izchil davom ettirishga kelishib olishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA