French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Loyiha asosida kasb-hunar o‘qitish tizimida dual ta’limi joriy etiladi
20:57 / 2022-08-17

Farmon va ijro

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida “O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimidagi modernizatsiya va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida manfaatdor tomonlar o‘rtasida kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni shakllantirish va unga dual ta’limni joriy etish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.

Mahalliy va xorijlik mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda mazkur loyihaning ahamiyati va uning doirasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada huquqiy dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Ayni shu talablardan kelib chiqib, yurtimizda kasb-hunar ta’limi va o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari ko‘rilayotir.

– Mazkur farmonga asosan ta’lim tizimida ko‘plab loyihalar ishlab chiqildi, – dedi Qarshi tumani yengil sanoat kolleji direktori Yulduz Odilova. – Ulardan biri – “O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimidagi modernizatsiya va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash” loyihasidir. Loyihadan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda Germaniya tajribasini qo‘llash orqali dual ta’limni hayotga keng tatbiq etishga qaratilgan. Dual ta’limi o‘zi qanday ta’lim? Dual ta’limi – talabaga ham o‘qib, ham ishlash imkoniyatini beradigan o‘quv tizimidir. Bu loyiha asosan yengil sanoat sohasi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, dual ta’limi asosida talaba ikki kun o‘quv muassasasida, to‘rt kun ishlab chiqarish korxonasida bo‘ladi. Loyiha bo‘yicha Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi to‘rtta kollej tanlab olindi. Bizning kollejimiz ham ulardan biridir.

Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha yengil sanoat yo‘nalishi bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan zamonaviy yondashuv va kasb-hunar ta’limini yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uchrashuvda mavzu doirasida batafsil ma’lumot berilar ekan, unda manfaatdor tomonlarning xodimlarini strategik va tashkiliy yo‘naltirish borasidagi ehtiyojlarini hisobga olgan kasb-hunar ta’limi muassasalari, to‘qimachilik kompaniyalari va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish, to‘qimachilik sohasida gender tengligini yanada yaxshilash bo‘yicha kurslar, resurslar va chora-tadbirlarni rejalashtirish ko‘zda tutilgani qayd etildi.

“O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limi tizimidagi modernizatsiya va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta ta’lim vazirligi hamkorligida amalga oshiriladi.

– bugungi seminarimiz muvofiqlashtiruvchi uchrashuv deb atalgan, lekin unda "Dual ta’limning xarajatlari va foydasi" mavzusi ham muhokama qilindi. Loyiha asosida Germaniyadagi dual kasb-hunar ta’limini mamlakatingizda joriy etishdir. Dual tizimini tadbirkor va korxonalarning ishtirokisiz va yordamisiz kiritishning iloji yo‘q. Shu ma’noda, mazkur loyihani tatbiq etishda ularning hissasi katta. Savol berishingiz mumkin: o‘zi dual ta’limi nima? Menga nima foydasi bor? Shuning uchun ham, bugungi mavzularning biri aynan dual tizimning xarajatlari va foydasi haqida bo‘ldi. Ishtirokchilarga bu haqida batafsil ma’lumot berildi, – dedi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati loyiha rahbari Mattias Klingenberg.

Tadbirda manfaatdor tomonlarning mehnat bozori ehtiyojlariga ko‘ra kadrlarni tayyorlash jarayoniga dual ta’limni joriy etish bo‘yicha kelgusidagi rejalari xususida fikr almashildi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri