English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Loyiha asosida 306 ta mahalla fuqarolar yig‘ini infratuzilmasi rivojlantiriladi
16:51 / 2022-06-08

Joriy yilning 8 iyun kuni poytaxtimizdagi “Radisson Blu Hotel” mehmonxonasida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilgan va olib borilayotgan ishlar yuzasidan oraliq natijalarga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar va mutasaddi tashkilot mutaxassislari hamda xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyev, Jahon bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli va boshqalar “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining amaliyotga tatbiq etilishi va uning samaralarini alohida qayd etdi.

Loyiha doirasida qishloq va mahalla aholi punktlarida ichimlik suvi ta’minoti, elektr ta’minoti inshootlarini, yo‘l-transport infratuzilmasini, ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish, hududlarni kompleks rivojlantirish va ularning me’moriy qiyofasini tubdan yangilash orqali aholining turmush darajasini ko‘tarish asosiy maqsad qilib olingan.

2020-2024 yillarga mo‘ljallangan ushbu loyihada qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga e’tibor qaratiladi. Uning boshqa loyihalardan farqi shundaki, unda aholi taklifi asosida muammolarga yechim izlanadi. Loyihaga ko‘ra, 622 ta ijtimoiy ob’ekt, xususan, 301 ta umumta’lim maktabi, 240 ta maktabgacha ta’lim va 81 ta tibbiy muassasani yangilash, 1 ming 642 kilometr toza ichimlik suvi tarmog‘ini ta’mirlash va barpo etish, 306 ta suv inshootini ta’mirlash va qurish, 1 ming 174 kilometr elektr energiya ta’minoti tarmog‘ini yangilash, 1 ming 116 dona transformator hamda 33 ming 231 ta tayanch ustunini yangisiga almashtirish, 100 kilometr ichki yo‘llarni yotqizish kabi ishlarni bajarish ko‘zda tutilgan.

– Bugun Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tdi, – dedi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyev. – Anjuman ushbu banklarning O‘zbekistonda “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish jarayonlariga bag‘ishlandi. Loyiha doirasida 183,6 million dollar qiymatga ega bitim imzolangan. Loyiha bo‘yicha Farg‘ona, Andijon, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining 20 tumanidagi 306 ta mahalla fuqarolar yig‘ini ijtimoiy soha ob’ektlari, infratuzilma ob’ektlarini yaxshilash ko‘zda tutilgan. bugungi kunda 176 ta mahalla fuqarolar yig‘inida o‘rganishlar o‘tkazilib, aholining takliflari asosida manzilli dasturlar tasdiqlangan. Ushbu dasturlar bo‘yicha maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, ichimlik suv tizimlari, elektr energiya ta’minoti, ichki yo‘llar ta’mirlash, ko‘priklar qurish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Anjumanda bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish va sifatini oshirish masalalari xususida so‘z yuritdik.

Shuningdek, loyiha doirasida oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholi orasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish maqsadida o‘quv-treninglar tashkil etiladi.

– O‘zbekiston va Jahon banki o‘ttiz yildan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqda, – dedi Jahon bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. – O‘z navbatida, hukumat va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining biz bilan ochiqligini yuqori baholaymiz. Ko‘p yillik samarali aloqalarni yanada mustahkamlash hamda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish borasida sarmoya kiritishni rejalashtirganmiz. Aytish joizki, shahar va qishloq hududlarida tafovutlar bor. Aynan shu masalada yordam bermoqchimiz. Mazkur loyiha qishloq joylarda tadbirkorlikni keng yoyish, infratuzilmani rivojlantirish kabi ko‘plab masalalarni o‘z ichiga qamrab oladi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA