Tongi soat 6:00. CIPCC dasturi doirasida Xitoyda bo‘lib turgan bir guruh jurnalistlar Pekinda joylashgan DRC (diplomatic residence compound) hovlisida yig‘ildik. Reja bo‘yicha XXRning Xinan provensiyasi, Loyang shahriga 6 kunlik safarga ketishimiz kerak. Avtobusda vokzal tomon yo‘l oldik, yana o‘sha zamonaviy va 300 km/s tezlikni ko‘rdim demaydigan tezyurar poyezdda Loyang tomon otlandik.
Nega aynan Loyang?
Bu savol meni ham, boshqa hamkasblarni ham qiziqtirdi va izlay-izlay quyidagi ma’lumotlarni topdim.
Xitoyning markaziy qismida joylashgan Loyang shahri, qadim tarixga ega bo‘lishi bilan birga, har yili minglab sayyohlarni o‘ziga jalb qiladigan noyob tabiiy bog‘lari bilan mashhur. Ularning eng mashhuri – Loyang milliy pion bog‘i bo‘lib, bu maskan har bahor yuz minglab rang-barang pion gullari bilan bezanadi va tomoshabinlarga go‘zallikning betakror manzarasini taqdim etadi.

Dasturning birinchi kunida bizni aynan shu bog‘ga olib borishdi. 40 gektardan ortiq maydonda joylashgan bu bog‘ go‘zalligi ijodkorman degan odamni ilhomlantirib yuboradi. Bog‘da 1,200 dan ortiq pion navlari mavjud, ularning ayrimlari 1000 yillik tarixga ega. Yuqorida nega aynan Loyang degan savolimga yana bir bor javob topdim bu yerda. Ma’lum qilinishicha har yili aprel oyida «Loyang pion festivali» o‘tkaziladi va bu tadbir 1983 yildan beri milliy darajada nishonlanadi. Festival davomida bog‘ga o‘rtacha 1 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyuradi.

Milliy pion bog‘i 2010 yilda Xitoyda «Pion poytaxti» maqomini olgan va haqiqatda bunga arzirli manzil bu yer.
Har ne borki, uning tarixi bor, bizga bosh bo‘lgan bog‘ xodimining so‘zlariga ko‘ra, Pion gullari Xitoyda qadimdan «gullar malikasi» deb e’tirof etilgan. Ular nafaqat go‘zallik va nafislik timsoli, balki sadoqat, baraka va obro‘-e’tibor ramzi hisoblanadi. Tang sulolasi davrida (618–907) pion gullari ilk bor Loyangda ekilgan va bu yer ularning vatani sifatida tan olingan. Bugungi kungacha bu an’ana davom ettirilmoqda.

Meni yana bir jihati e’tiborimni tortdi bugungi Loyang milliy pion bog‘i – bu nafaqat gulli manzara, balki raqamli texnologiyalar, ekologik dizayn va madaniy meros uyg‘unligini namoyon qiluvchi loyiha. Bog‘da QR-kodlar orqali har bir pion turi haqida ma’lumot olish, dron orqali umumiy ko‘rinishlarni tomosha qilish yoki interaktiv xaritalardan foydalanish mumkin.


Loyang pion bog‘i Xitoyning «yashil rivojlanish» tamoyillarini hayotga tatbiq etgan namunaviy loyihadir. Bu maskan orqali hukumat ekologik turizmni rivojlantirish, tarixiy merosni jonlantirish va ichki turizmni rag‘batlantirishga erishmoqda. Ayni vaqtda, bog‘ xitoyliklar uchun milliy g‘urur, chet ellik mehmonlar uchun esa madaniyat darvozasi vazifasini o‘tayotir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9b3PUki5qqs" title="Loyangdagi “pion” poytaxti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nozimbek Mardonov (XXRning Loyang shahridan tayyorladi)