Kechagi yog‘ingarchilik sabab poytaxt ko‘chalarini suv bosdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tunnellar va metro bekatlari suvga to‘lgani aks etgan foto-videolar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Maxsus irrigatsiya, ya’ni suv ketish yo‘llari (ariqlar) to‘lib qolgani tufayli yomg‘ir suvlari ayrim metro bekatlariga ham tusha boshlagan.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahridagi lotoklarning o‘rtacha diametri 300 mm.ga teng. Ular yog‘ingarchilik suvlarini kollektorlar va kanallarga yetkazadi.
2 aprel kuni ikki soat davomida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida 20 mm. yomg‘ir yog‘ib o‘tgan va bu aprel oyi uchun belgilangan umumiy me’yorning, ya’ni 60 mm.ning uchdan bir qismiga teng. Lotoklar bir paytning o‘zida bunday katta oqimni qabul qilishga mo‘ljallanmagani bois, shahrimizdagi bir necha manzilgohlarda suv to‘planishi kuzatilgan.
Bu holatni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi va uning tuman boshqarmalari, kommunal soha tizimlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasining 500 dan ortiq xodimlari va 100 dan ortiq maxsus texnikalari jalb etilib, 23:00 gacha barcha manzillardagi holatlar bartaraf etildi.
O‘zA