French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Lotin Amerikasidagi eng qadimiy oliygohlardan biri bilan aloqa o‘rnatildi
22:04 / 2025-05-05

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektor Ilhomjon To‘xtasinov boshchiligidagi delegatsiya Argentina Respublikasida bo‘ldi. Joriy yil Samarqandda bo‘lib o‘tadigan UNESCO Bosh Assambleyasi 43-sessiyasiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilgan mazkur safar ta’lim, ilmiy tadqiqot yo‘nalishlaridagi hamkorlikni, madaniy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Lotin Amerikasining ushbu davlati yetakchi oliy ta’lim muassasalari – "Universidad Nacional de Mar del Plata" (UNMdP), "Universidad de Buenos Aires" (UBA) va "Kordoba" milliy universitetlari (KMU) mas’ul rahbarlari bilan uchrashuvlarda izchil aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar imzolagan memorandumlar talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirish hamda Markaziy Osiyo va Lotin Amerikasi tillari bo‘yicha tadqiqotlar olib borishni nazarda tutadi. Masalan, UBA huzuridagi Falsafa, til va adabiyot fakulteti bilan tuzilgan shartnoma akademik mobillik, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy integratsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi. Kordoba universitetida o‘tkazilgan uchrashuv esa mintaqadagi eng qadimiy oliygohlardan biri bilan do‘stona aloqa o‘rnatish imkonini berdi.

E’tiborli jihati, tashrif doirasida Mar del Plata, Buenos Ayres va Kordoba shaharlarida “O‘zbekiston: Bebaho madaniy meros” mavzusida  madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtirilib, xalqimizning buyuk allomalari, milliy liboslari, so‘zana, hunarmandlik buyumlari, xalq cholg‘u asboblari va milliy taomlari namoyish etildi. O‘zbek palovi, milliy raqs va kuy-qo‘shiqlarimiz Argentina jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Xususan, KMUdagi ko‘rgazma Vatanimiz bayrog‘i, milliy an’analari va madaniy qadriyatlarini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Qayd etish joiz, mazkur tadbirlar orqali mamlakatimizning ta’lim sohasidagi yutuqlari, ilmiy salohiyati va madaniy merosi faol targ‘ib qilindi.

O‘zDJTU va Argentinaning nufuzli oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik hamyurtlarimiz, ayniqsa yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Samarali muloqotlar esa O‘zbekistonning xalqaro maydonidagi mavqeini oshirish barobarida ikki xalq do‘stligini yanada mustahkamlashga ko‘maklashishi shubhasiz.

Go‘zal Sattorova, O‘zA