Polshaning “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi Varshavada joylashgan bo‘lib, dunyodagi eng qadimgi, eng yirik va vakillari ko‘p alyans — Star Alliance a’zosi hisoblanadi.
Mazkur yirik “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi tomonidan mamlakatimizga muntazam reyslarning yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan tadbir hamda ilk havo reysini kutib olish marosimi o‘tkazildi.
Tadbir doirasida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyazov, “LOT Polish Airlines” kompaniyasi bosh direktori Mixal Fiyol, “Uzbekistan Airports” AJ, Transport va Madaniyat vazirliklari hamda ikki mamlakat OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Sardor Niyazov “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi Varshava va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ygani nafaqat aviatsiya sohasida muhim bosqich, balki Polsha va O‘zbekiston o‘rtasida turizmni rivojlantirish va madaniy almashinuv uchun ulkan imkoniyat ekanini qayd etdi.
Marosimdan so‘ng xorijiy delegatsiya Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga tashrif buyuradi va xalqaro blogerlar hamda OAV vakillari tomonidan turistik obyektlarimiz haqida kontent tayyorlash maqsadida “city tour” tashkil etiladi.
– Varshava va Toshkent o‘rtasida aviaqatnovlarning ochilishi biz uchun Yevropa bilan havo aloqalarini o‘rnatishda muhim qadam bo‘ldi, – deydi “Uzbekistan Airports” rahbari Javlonbek Umarxo‘jayev. – Pandemiyadan so‘ng “LOT Polish Airlines” O‘zbekiston fuqarolari uchun Yevropa shaharlariga, yevropaliklar uchun esa O‘zbekiston shaharlariga parvozlarni ochgan birinchi Yevropa aviakompaniyasiga aylandi. Bu esa har ikki tomon turizmini rivojlantirishda yangi sahifa ochadi. Umid qilamanki, ikki kun davomida Polshadan kelgan mehmonlar, jumladan, jurnalistlar, blogerlar va turoperatorlar O‘zbekistonni qaytadan kashf etadi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Varshava – Toshkent – Varshava yo‘nalishidagi aviaqatnovlar mart oyida haftasiga 3 marotaba, aprel oyidan 4 marotaba amalga oshirilishi reja qilingan. Ushbu reyslar O‘zbekiston va Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi turistlar almashinuviga ijobiy tas’ir ko‘rsatadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA