Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Los-Anjelesda, albatta, chempion bo‘laman”
09:15 / 2024-09-18

Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari matonat ko‘rsatib, yuksak natijaga erishdilar. Vakillarimiz 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida dunyoda 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 3-o‘rinni egalladi. Bu bilan ular Paralimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz jamoasining eng yaxshi natijasini qayd etishdi.

Bu muvaffaqiyatga samarqandlik Kubaro Hakimova ham munosib hissa qo‘shdi. U para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida F41 klassida yadro uloqtirish bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritdi.  

Kubaro 2002 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan. 2018 yildan buyon para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. “Xanchjou-2022” Para Osiyo o‘yinlarida oltin hamda 2023 yil Parijda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lgan.

Parijdan yorug‘ yuz bilan qaytgan vakillarimiz qatorida Kubaro Hakimova ham 100 ming AQSH dollari, “BYD Song Plus EV Champion” avtomobili va kvartira bilan mukofotlandi. 

Albatta, poytaxtdan Prezident sovg‘a qilgan avtomobilda Samarqandga kelgan Kubaro tantanali kutib olindi. Samarqand viloyati hokimligi tomonidan sportchiga va uning ota-onasi, ustozlariga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

– Yoshligimdan sportga qiziqaman, – deydi Kubaro Hakimova. – Bundan oldin besh yil dzyudo bilan shug‘ullanganman. Keyinchalik yengil atletikaga qiziqishim oshdi va mamlakat chempionatlarida, nufuzli musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallab, terma jamoaga qabul qilindim. O‘tgan yil Parijda o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritganimda, Paralimpiya o‘yinlarida oltin medal olishni niyat qilgandim. Lekin Parijdagi musobaqalar oson bo‘lmadi, chunki raqiblarim orasida Osiyo, jahon chempionati va olimpiada ishtirokchilari bor edi. Shunga qaramay, kumush medalga sazovor bo‘ldim. Bu – faoliyatimdagi eng katta yutuqlarimdan biri. Buning uchun meni qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onamga, xalqimizga, Prezidentimizga rahmat!

Davlatimiz rahbarining shu yil 12 sentyabrda qabul qilingan farmoniga ko‘ra, Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarga erishgan bir guruh sportchi va murabbiylar qatorida Kubaro Hakimova “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. 13 sentyabr kuni esa ushbu davlat mukofotlari Prezidentimiz tomonidan tantanali topshirildi.

– Davlatimiz rahbarining qo‘llaridan bu mukofotni olishning o‘zi biz uchun juda katta sharaf va unutilmas voqea bo‘ldi, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi, paralimpiya o‘yinlari kumush medali sohibi Kubaro Hakimova. – U kishi bizni tabriklab, bu natijaga erishish yo‘lidagi mehnatlarimiz, chekkan zahmatlarimizni alohida tilga oldilar, hayotda ko‘p narsani hal qiladigan omil – yuksak iroda va matonat ekanligini ta’kidladilar. Shu bilan birga bu yo‘lda doim bizga dalda bo‘lib, qo‘llab-quvvatlagan ota-onalarimiz va ustozlarimizni ham e’tirof etdilar. Bu samimiy tilaklar kishiga o‘zgacha quvonch, kayfiyat bag‘ishlar ekan. Juda xursand bo‘ldik. Prezidentimiz yuksak unvonni ko‘ksimga taqib qo‘yar ekanlar, men Los-Anjelesdagi Paralimpiya o‘yinlarida, Osiyo va jahon chempionatlarida oltin medalni qo‘lga kiritib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga va’da berdim. Nasib etsa, albatta, bu va’damni bajaraman.

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri