Buxoro viloyati Kogon shahrida sodir bo‘lgan o‘g‘irlik jinoyati «Lord» laqabli xizmat iti yordamida fosh etildi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati ma’lum qildi.
Kogon shahar Ichki ishlar bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 26 noyabr kuni soat 01:45 lar chamasida noma’lum shaxs Kogon shahar Buxoro shoh ko‘chasida joylashgan “Silver Styde Konsult” MCHJ ning xizmat xonasiga kirib, u yerdan 1999 yilda tug‘ilgan MCHJ rahbari fuqaro R.B. ga tegishli bo‘lgan, bahosi 2 million 500 ming so‘mlik “Lenova” rusumli noutbuk, bahosi 300 ming so‘mlik videokuzatuv moslamasi va uning xotirasini hamda 21 million 400 ming so‘m pullarini yashirin ravishda o‘g‘irlab, jami 24 million 200 ming so‘mlik moddiy zarar yetkazib, voqea joyidan yashiringan.
Mazkur holat bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyga yetib borgan tergov tezkor guruhi tarkibidagi kinolog T.Ostonov tarbiyasidagi «Lord» laqabli xizmat iti yordamida tezkor qidiruv harakatlari olib borilgan. Natijada jinoyatni sodir qilgan Kogon tumani Beklar mahallasida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan, fuqaro I.I. ismli shaxs fosh etilib, ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro I.I. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA