Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Londondagi ko‘rgazmada kulol Shohruh Rahimovning ham ijod mahsuli namoyish etilmoqda
22:45 / 2024-05-15

London hunarmandchilik haftaligi doirasida “Cromwell Place” san’at maskanida yangi ko‘rgazma ochildi. Mikelanjelo ijodkorlik va hunarmandchilik jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan taqdimotda mashhur o‘zbek kulollar sulolasi vakili Shohruh Rahimovning ham ijod namunalari namoyish etilyapti.

Taniqli usta Sh.Rahimov “Homo Faber” stipendiyalari dasturining ilk bitiruvchisi sifatida Gretsiyada malaka oshirib, mahalliy hunarmandlar tajribasini o‘zlashtirib qaytgan. 

Birlashgan Qirollikdagi tadbirda u mashhur yunon hunarmand ustasi Yannis Zois bilan hamkorlikda buddaviy ibodat marosimlariga oid san’at asarlarini taqdim etmoqda. Chinni va afrikancha yog‘ochdan yasalgan asar 22 karatlik oltin bilan qoplangan. Rahimov va Zoisning mushtarak asari Sharq va G‘arb madaniyati o‘rtasidagi o‘xshashlikni aks ettiradi. 

–Yannis Zois bilan birga ko‘p mehnat qildik, -deydi kulol Shohruh Rahimov. – Xususan, men ilgari ishlamagan chinni moddasi va oltin kabi ashyolar bilan tajriba-sinovlar o‘tkazdik. Ularning ishlash texnikasi men o‘rgangan uslublardan ancha farq qilarkan.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi bilan Mikelanjelo ijodkorlik va hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlik yosh ustalarning ijodiy salohiyatini kengaytirish, tajriba va zamonaviy dunyo haqidagi tasavvurini boyitish uchun yangi imkoniyat taqdim etib, o‘zbek hunarmandchiligi amaliyotini jahon madaniy makoniga tatbiq etishga xizmat qiladi. 

Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma joriy yilning 14-19 may kunlari tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi. 

B.Xudoyberdiyev, O‘zA