“Brexit” jarayoniga qarshi kampaniya ishtirokchilari Buyuk Britaniya poytaxti London markazida qirollik Yevroittifoq tarkibiga qaytishini yoqlab to‘planishdi. Bu haqda “Independent” gazetasi xabar berdi.
“Namoyishchilar Buyuk Britaniyani yana YeIga qo‘shilishga chorlab, juda ko‘p ko‘k va sariq (YeI bayrog‘i rangi – tahririyat) ramz aks etgan shiorlar ko‘tarib olishgan”, – deb yozgan nashr.
Qayd etilganidek, “Milliy qayta birlashish marshi” (National Rejoin March)da 100 mingdan ziyod odam yig‘ildi. “Karvon” Park-Leyn ko‘chasidan Parlament maydonigacha yurib o‘tdi va yo‘nalishning yakuniy manzilida eng faol notiqlar ma’ruza irod qilishdi. Ular orasida Belgiyaning sobiq Bosh vaziri Gi Verxofstadt ham bor.
OAV yozishicha, Britaniyaning YeIga qaytishini targ‘ib etuvchilar ikkinchi bor yillik marsh o‘tkazishdi. Faqat bu galgi tadbirda avvalgidan kamroq odam qatnashdi.
Biroz oldin “Telegraph” gazetasi Fransiya va Germaniya tomonidan tayyorlangan ma’ruzaga tayanib, Buyuk Britaniyani Yevroittifoqning “muqobil a’zo” shaklidagi ehtimoliy sherigi sifatida baholagan.
Eslatib o‘tamiz, 2016 yil iyun oyida qirollik bo‘ylab referendum o‘tkazilgan va ovoz berganlarning 52 foizi YeI tarkibidan chiqish tanlovini belgilagan. Natijada Buyuk Britaniya 47 yil a’zolikdan so‘ng 2020 yil 31 yanvarda tuzilmani tark etdi. 2021 yil 1 yanvargacha o‘zaro munosabat bilan bog‘liq o‘tish davri ham yakuniga yetdi. Shu tariqa tomonlar o‘rtasida boshlang‘ich formatdagi savdo va hamkorlik to‘g‘risida shartnoma kuchga kirdi.