Turizm qo‘mitasi delegatsiyasi Londonda turizm sohasida eng yirik xalqaro yarmarka va ko‘rgazmalardan biri bo‘lgan “World Travel Market London – 2024”da ishtirok etdi.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, marosimda O‘zbekiston nufuzli “Wanderlust Reader Travel Awards 2024” mukofotining “Eng yaxshi rivojlanayotgan yo‘nalish” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Taqdirlash marosimi mashhur “Tate Modern” zamonaviy san’at galereyasida bo‘lib o‘tdi.
“Wanderlust Reader Travel Awards 2024” mukofoti "Wanderlust" jurnali tomonidan o‘tkaziladigan yo‘nalishlar va turoperatorlar uchun nufuzli tanlovdir.
Jurnal xodimlari har bir mukofot toifasi uchun qisqa ro‘yxatlarni yaratadi va g‘oliblar o‘quvchilar tomonidan tanlanadi. Joriy yil 3,6 milliondan ortiq ovoz berilgan.
1993 yilda tashkil etilgan “Wanderlust” jurnali Buyuk Britaniyadagi o‘quvchilar uchun birinchi raqamli sayohat jurnali hisoblanadi. “Wanderlust” yiliga deyarli 140 ming nusxada 10 ta son chiqaradi va uning veb-sayti har oy 1,2 million o‘quvchilarni jalb qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA