Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Londonda “O‘zbekiston madaniyati va milliy taomlari” festivali bo‘lib o‘tdi
20:24 / 2024-06-10

Buyuk Britaniya poytaxti London shahridagi eng mashhur dam olish maskanlaridan biri – “Tower Bridge” ko‘prigi yaqinidagi “Potters Fields Park” xiyobonida “O‘zbekiston madaniyati va milliy taomlari” festivali o‘tkazildi.

Qirollikdagi elchixonamiz, Turizm qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, “Vatandoshlar” jamoat fondi, “Uzbekistan Airways” AJ, Londondagi o‘zbeklar va tadbirkor hamyurtlarimiz hamkorligida ikkinchi bor uyushtirilgan anjuman respublikamiz sayyohlik salohiyati va madaniy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi.

Serfayz maydonda yurtimiz san’ati namoyandalari o‘zbekona kuy-qo‘shiqlar kuylab, raqslar ijro etib, yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Anjumanda hunarmand, dizayner va oshpazlar ham mahoratini namoyish qildi, turoperatorlar xizmatlarini taklif etdi.

O‘zbekistonning boy madaniy merosi, turizm salohiyatini aks ettiruvchi kitob, qo‘llanmalar, milliy liboslar, zardo‘zlik, yog‘och o‘ymakorligi, ipak mahsulotlari va xalq amaliy san’atining boshqa namunalari namoyish etildi. Maxsus qozonda 2 tonna osh tayyorlandi.

Ikki kun davom etgan festival Britaniya rasmiylari, ishbilarmon, akademik doira vakillari, madaniyat xodimlari, yetakchi OAV, diplomatik korpus a’zolari, sayyohlardan iborat 30 mingdan ziyod kishini bir joyga jamladi.