Britaniyaning nufuzli “London Post” portalida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida maqola chop etildi.
Unda ta’kidlanishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish va iqtisodiyotni liberallashtirish yo‘nalishida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Maqolada aytilishicha, yangi siyosatlar va 2023 yilgi Konstitutsiya islohotlarning huquqiy asosiga aylangan. Asosiy g‘oya — O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” sifatida shakllantirish va barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratishdir.
Shu maqsadda qabul qilingan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida 2026 yilga qadar kambag‘allikni ikki baravar kamaytirish rejalashtirilgan.
2023 yilda tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentlik va “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari orqali 2,3 million muhtoj oilaga yordam ko‘rsatilgani ta’kidlanadi.
Shu bilan birga, pensiya va nafaqalar miqdori sezilarli oshirildi — pensiya va nogironlik to‘lovlari real hisobda 1,5 baravarga ko‘paygan.
Nashr xulosa sifatida O‘zbekiston siyosati iqtisodiy o‘sish bilan birga inklyuziv ijtimoiy himoyani ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, bu davlatning barqaror rivojlanishiga xizmat qilayotganini ta’kidlaydi.
N.Rahmonova, O‘zA