Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer Pekinga rasmiy tashrifi chog‘ida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashib, “yetuk va muvozanatli munosabatlar” tarafdori ekanini bildirdi. So‘nggi sakkiz yilda ilk bor XXRga kelgan Birlashgan Qirollik yetakchisi sifatida u o‘z tashrifini ancha sovuqlashib ketgan London – Pekin aloqalarini qayta tiklashga urinish, deya baholadi.
Xalq saroyida bo‘lib o‘tgan 80 daqiqalik muloqot chog‘i Starmer iqtisodiy yuksalishni tezlashtirish va xavfsizlikni mustahkamlash uchun Xitoy bilan muloqot juda muhimligini qayd etdi. Uning aytishicha, hamkorlikning yangi imkoniyatlarini izlash bilan birga, kelishmovchiliklar bo‘yicha ochiq va mazmunli munosabat o‘rnatish ham zarur. Si Szinpin esa ikki tomon harakatlari o‘tmishda turli to‘siqlarga duch kelganini tan olib, endi uzoq muddatli strategik sheriklikka tayyor ekanini ta’kidladi.
Starmerning XXRga yuzlanishi ichki va tashqi siyosiy omillar bilan bog‘liq. Leyboristlar hukumati va’da qilingan iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qiynalayotgan bir payt, dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti bilan savdo va investitsiyani kuchaytirish muhim imkoniyat sifatida ko‘rilmoqda. Shu bilan birga AQSH Prezidentining keskin va oldindan aytib bo‘lmas savdo siyosati Yevropadagi ittifoqchilar, jumladan Britaniyani muqobil diplomatik yo‘llarni izlashga undamoqda.
Shu ma’noda ayni tashrif amaliy natijaga qaratilgan. Starmer bilan Pekinga 50 dan ortiq britaniyalik biznes yetakchilari borgan. Tomonlar noqonuniy migratsiya bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlarga qarshi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha kelishuv e’lon qilishi kutilmoqda. Xususan, Yevropaga odam tashishda foydalanilayotgan kichik qayiqlar uchun Xitoyda ishlab chiqarilgan dvigatellar oqimini cheklash va kontrabanda yo‘llari bo‘ylab razvedka almashinuvini kuchaytirish rejalashtirilgan.
Bu gal inson huquqi masalasi ham chetlab o‘tilmaydi. Qisqasi, mazkur uchrashuv Qirollik Xitoyga nisbatan yangi, ehtiyotkor, ammo pragmatik siyosat yurita boshlaganidan darak berayotgandek.
Musulmon Ziyo, O‘zA