Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Lolaxon Murodova dehqonchilik ilmining akademigi
20:20 / 2021-12-11

Hayoti, umrining mazmunini dehqonchilik rivoji va ravnaqida ko‘radigan O‘zbekiston Qahramoni, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari Lolaxon Murotova mamlakatimizdagi mashhur fermerlardan biri.

 Opa hayot dorilfununini ado etdi. Traktorchi, oddiy ishchi, mexanik, tabelchi, brigadir, bo‘lim boshlig‘i, xo‘jalik raisi bo‘ldi. 


Markaziy Farg‘onaning cho‘l-dasht yerlarida paxta, boshoqli don yetishtirishda katta muvaffaqiyatlarga erishib, fermerlik sohasida o‘ziga xos tajriba va mahorat maktabi yaratdi. Fermer xo‘jaligi dastlab tashkil etilgan yillarida yerlarning har gektari arang 15-20 sentnerdan hosil berardi. Tajribali dehqon ayolning sa’y-harakatlari, mahorati, dehqonchilik ilmidagi izlanishlari har yili o‘z samarasini bera boshladi. Keyinchalik hosildorlik 35-40 sentnergacha, so‘nggi 4 yilda esa 55-60 sentnergacha ko‘tarildi.

Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni arafasida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov sektor rahbarlari bilan birgalikda O‘zbekiston Qahramonining dala shiyponida bo‘lib, opani bayram bilan tabrikladi. Samimiy suhbat chog‘ida dehqonchilik ilmida katta maktab yaratgan fermerning mehnati e’tirof etildi. 


Lola Murotovaning mo‘jazgina dala shiyponi doimo mehmonlar bilan gavjum. Bu yerda "Yosh fermer qizlar maktabi" tashkil etilgan bo‘lib, qizlar  fermerlikning sir-asrorlarini o‘rganmoqda.

Qahramon opani yo‘qlagan viloyat rahbari va jamoatchilik vakillari dala shiyponida mevali ko‘chatlar ekishdi.

M. Sulaymonov, O‘zA