Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi Xontepa mahallasida 510 ta xonadon bo‘lib, 3 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Uzumchilik, dehqonchilik va xizmat ko‘rsatish sohalari mahallaning yuksalish drayveri hisoblanadi. Mahallaning Ittifoq, Subhidam ko‘chalaridagi aksariyat xonadonlarning ko‘cha qismida so‘ritoklar barpo etilib, uzumning turli navlari parvarishlanmoqda.
Umuman, mahallada aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
– Mahallamizda, ayniqsa, tomorqadan unumli va samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda, - deydi “Xontepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Xolidaxon Husanova. – Nafaqat uzumchilik, balki 15 ga yaqin xonadonda barpo etilgan issiqxonalarda pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri singari mahsulotlar yetishtirilib, xalqimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlashga hissa qo‘shilmoqda.
Mahallaning Ittifoq ko‘chasida yashovchi Nurmamat Qo‘ldoshev tomorqasidagi 4 sotix maydonda lola yetishtiradi. Sir emaski, bahorning ko‘rki, timsoli bo‘lgan lola shu kunlarda eng xaridorgir gullardan biridir.
– Bir sotix maydonda piyozining katta-kichikligiga qarab, 500 tadan 650 tagacha lola o‘stirish mumkin, – deydi N.Qo‘ldoshev. – Albatta har bir ishning ham o‘ziga xos qiyinchiligi, o‘ziga xos jihatlari bo‘ladi. Lola parvarishida ham zarur ishlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi muhimdir.
[gallery-16933]
Ushbu xonadonda yetishtirilgan rang-barang lolalar har qanday kishining ko‘zini quvnatadi. Shu kunlarda xonadon sohiblari lola sotib kuniga bir million so‘mgacha daromad olayotganliklari ularning izlanishlari, samarali mehnatlari mahsulidir.
Mahallada joriy yilning o‘tgan davri davomida “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 15 nafar fuqaroga 204 million 350 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Kredit olganlar turli yo‘nalishlarda o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bundan tashqari, 4 nafar fuqaroga subsidiya ajratildi. Jumladan, Ittifoq ko‘chasida yashovchi Mohiraxon Mamasoliyeva xonadoniga 1 sotixli issiqxona qurib berilgan bo‘lsa, ko‘rpa-to‘shak tikish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Mahpiratxon Mamaturaimovaga faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun 5 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Mahallada 12 nafar yoshning dehqonchilik qilib, daromad olishi uchun ularga ijara asosida 15 sotixdan yer maydoni ajratildi, urug‘lik sotib olishlari uchun esa 5 million so‘mdan imtiyozli kredit berildi. Ana shu maydonlarga ekilgan kartoshka unib chiqdi. Dehqonchilik qilayotgan yoshlar oilalari ehtiyojidan ortiq kartoshkani sotib, daromad oladi.
Mahalla fuqarolar yig‘inida ish olib borayotgan hokim yordamchisi tavsiyasi asosida “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida 4 nafar fuqaroga 100 million so‘mdan kredit ajratiladigan bo‘ldi. Endi ular ham o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yadi, yangi ish o‘rinlari yaratadi. Natijada nafaqat tadbirkorlarning o‘zlari, balki bandligi ta’minlangan mahalladoshlari ham doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi.
Mahallada tomorqadan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda davom etmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari