“Lokomotiv” oʻz safiga Javohir Ilyosovni ham qoʻshib oldi
Toshkentning “Lokomotiv” klubi yangi mavsum oldidan tarkibini kuchaytirishda davom etmoqda.
Toshkentning “Lokomotiv” klubi yangi mavsum oldidan tarkibini kuchaytirishda davom etmoqda. Temiryoʻlchilarning yangi xaridi yosh va umidli darvozabon Javohir Ilyosov boʻldi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar qildi.
Oʻtgan mavsumlarda “Mashʼal” hamda “Metallurg” jamoalari safida ishonchli oʻyinlar namoyish qilib muxlislar mehrini qozongan Javohir Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi sharafini himoya qilgan hamda mamlakat milliy terma jamoasiga potensial nomzodlardan sanaladi. Yosh darvozabon “Lokomotiv” klubi bilan 3 yillik shartnomaga imzo chekdi.
Ushbu transfer orqali poytaxt temiryoʻlchilari kelajakka munosib poydevor qoʻyishdi, deyish mumkin. Chunki, istaymizmi-yoʻqmi Ignatiy Nesterovning yoshi oʻtmoqda va unga munosib oʻrinbosar boʻlsa klubga ortiqcha boʻlmaydi. Ilyosov esa yosh boʻlishiga qaramay, soʻnggi mavsumlar davomida oʻz jamoalarining asosiy posboniga aylanib ulgurgandi.
Eslatib oʻtamiz, bungacha “Lokomotiv” oʻz safiga AGMKdan Yovan Jokich, “Bunyodkor”dan Filipp Rayevas hamda Aziz Haydarov, “Neftchi” jamoasidan yosh va umidli futbolchi Avazbek Oʻlmasaliyevlarni qoʻshib olgandi.
Maʼlumot uchun, Javohir Ilyosov 1994 yil 6 fevralda tugʻilgan. Faoliyati davomida “Mashʼal” (2014-2017 yillar) jamoasi safida 48ta oʻyinda (4 241 daqiqa) maydonga tushgan boʻlsa, oʻtgan mavsum “Metallurg” tarkibida 19 oʻyinda (1 710 daqiqa) jamoasi darvozasini qoʻriqlagan.