“Lokomotiv” g‘alaba qozondi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasi oltinchi turining markaziy uchrashuvi “Paxtakor” va “Lokomotiv” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston XXIV milliy chempionati oliy ligasi oltinchi turining markaziy uchrashuvi “Paxtakor” va “Lokomotiv” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.“Lokomotiv” stadionida o‘tkazilgan o‘yin qizg‘in va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi. 12-daqiqada “Lokomotiv” a’zosi Ruslan Koryan hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda mehmonlar hujumkor o‘yin namoyish eta boshladi. 51-daqiqada hakam tomonidan belgilangan 11 metrlik jarima to‘pini “Paxtakor” jamoasi a’zosi Stanislav Andreyev aniq amalga oshirib, hisobni tenglashtirdi. 66-daqiqada Ikrom Aliboyev tomonidan kiritilgan gol “Lokomotiv” jamoasiga 2:1 hisobida g‘alaba keltirdi.
Xuddi shu hisobda Qarshining “Nasaf” jamoasi safarda “Sho‘rtan”ni (G‘uzor) mag‘lubiyatga uchratdi. “Bunyodkor” (Toshkent) – “Metallurg” (Bekobod), “Navbahor” (Namangan) – “Dinamo” (Samarqand) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarda ham 2:1 hisobi poytaxt va namanganlik futbolchilar foydasiga qayd etildi.
Farg‘onaning “Neftchi” va Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 4:1 hisobi bilan yakunlandi. “Neftchi” a’zolaridan R.Ahmedov raqib darvozasini ikki marta ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Sh.Po‘latov va B.Yoqubov bittadan golga mualliflik qildi. Jizzaxliklarning yagona golini S.Rashidov kiritdi.
“Mash’al” (Muborak) o‘z maydonida “Qo‘qon – 1912” (Qo‘qon) jamoasi darvozasiga javobsiz uchta to‘p kiritdi – 3:0. Z.Qo‘ziboyevning “dubl”i va V.Ivanovning bitta goli muborakliklarga ishonchli g‘alabani taqdim etdi.
“Andijon” (Andijon) safarda Navoiyning “Qizilqum” jamoasiga kichik hisobda imkoniyatni boy berdi – 0:1. Buxoroda o‘tkazilgan “Buxoro” va “Olmaliq” (Olmaliq) jamolari o‘rtasidagi bahs mehmonlarning 4:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Oltinchi turdan so‘ng “Nasaf” jamoasi 15 ochko bilan musobaqada peshqadamlik qilmoqda. “Lokomotiv” va “Neftchi” jamoalari keyingi o‘rinlarda bormoqda.