Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Lokomotiv”dan irodali gʻalaba, “Qoʻqon-1912” esa inqirozda(mi?)
19:51 / 2019-04-14

Hozirgina Oʻzbekiston superligasining 4-tur oʻyinlariga yakun yasaldi


Hozirgina Oʻzbekiston superligasining 4-tur oʻyinlariga yakun yasaldi.

Turning soʻnggi uchrashuvlari bir vaqtda Toshkent va Fargʻona shaharlarida boshlandi. TTYMI stadionida mezbon “Lokomotiv” futbolchilari AGMK jamoasini qabul qildi.

 Ushbu jamoalar joriy mavsum avvalida mamlakat superkubogi uchun kechgan oʻyinda ham toʻqnashishgan va unda omad temiryoʻlchilarga kulib boqqandi. Bu safar ham amaldagi Oʻzbekiston chempioni oʻz ustunligini namoyish etdi. Vaholanki, bu safargi oʻyinni Mirjalol Qosimov shogirdlari koʻtarinki ruhda boshlab, 3-daqiqadayoq hisobni ochishgan edi. Toʻp muallifi Zafar Polvonov, bu uning mavsumdagi 6-goli edi.

Ammo, tajribali temiryoʻlchilar vaziyatni tanaffusgacha oʻnglashga muvaffaq boʻldi. 43-daqiqada tajribali Temurxoʻja Abduholiqov hisobni tenglashtirgan boʻlsa, 1-taym oxirida jamoa sardori Islom Toʻxtaxoʻjayev burchakdan kiritib berilgan toʻpni boshi bilan darvozaga joylab qoʻydi: “Lokomotiv” – AGMK – 2:1.

Ikkinchi boʻlimda har ikki jamoada gol urish uchun imkoniyatlar boʻldi, ayniqsa maydon egalarida. Biroq, ikkinchi 45 daqiqalikda darvozalarga boshqa gol urilmadi va ushbu gʻalabadan keyin “Lokomotiv” oʻz ochkolari sonini 9taga yetkazgan holda peshqadam “Paxtakor”ga ancha yaqinlashib oldi.

photo5305326776240679560.jpg

Fargʻonadagi “Istiqlol” stadionida esa “Qoʻqon-1912” futbolchilari “Buxoro” klubini qabul qildi va kutilmaganda 1-3 hisobida imkoniyatni boy berib qoʻydi. Qizigʻi, jamoadagi futbolchilarning yoshi borasida qoʻqonliklar superligada eng tajribalilardan biri sanalsa, buxoroliklar buning aksi. Bugun Baxtiyor Ashurmatovning taʼbir joiz boʻlsa “yosh bolachalari” “Qoʻqon-1912” jamoasiga “dars berishdi”.

Birinchi boʻlimda yosh futbolchilar Asadbek Sobirjonov va Doston Ibrohimov ikki bor mezbonlar darvozasini ishgʻol qildi. Tanaffusdan keyin Ivan nagayev hisobni yirik koʻrinish olishini taʼminladi. Ammo maydon egalarining sardori hamda shtatdagi penaltichisi Murod Xolmuhamedov 11 metrlik jarima zarbasini aniq bajarib, “Qoʻqon-1912”ni yirik hisobdagi magʻlubiyadan qutqarib qoldi: “Qoʻqon-1912” – “Buxoro” – 1:3. Shu tariqa qoʻqonliklar ikki oʻyinda oʻz darvozasidan naqd 10ta toʻp olib chiqishdi, bu juda ham koʻp emasmi?!

Oʻzbekiston superligasi-2019. 4-tur

“Lokomotiv” – AGMK – 2:1
Gollar: T.Abduholiqov (43), I.Toʻxtaxoʻjayev (45) – Z.Polvonov (3).
“Qoʻqon-1912” – “Buxoro” – 1:3
Gollar: M.Xolmuxamedov (68-pen.) – A.Sobirjonov (24), D.Ibrohimov (42), I.Nagayev (58).

4-turdan soʻng superligada “Paxtakor” 10 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. “Lokomotiv” bugungi gʻalabadan keyin oʻz ochkolari sonini 9taga yetkazib oldi va 2-oʻringa koʻtarildi. Kuchli uchlikka 8 ochko bilan “Surxon” yakun yasaydi. Jadvalning quyi pogʻonasini atigi 2 ochko bilan “Qoʻqon-1912” klubi egallab turibdi.