Andijon shahridagi harbiy qismda “Vatanparvarlar” respublika harbiy sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat Mudofaa ishlari, Yoshlar ishlari, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamda “Vatanparvar” tashkiloti viloyat boshqarmasi hamkorligida viloyatdagi umumta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilaridan tuzilgan “Vatan tayanchi” otryadlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqasining viloyat bosqichida tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirok etib, o‘zaro bahs olib bordi.
Musobaqa ishtirokchilari harbiy estafeta, turnikda tortinish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, merganlik mahorati, safda yurib qo‘shiq ijro etish hamda “Temur tuzuklari” asarini qay darajada bilish bo‘yicha o‘zlarining bilim, mahorat va jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.
[gallery-16913]
Qizg‘in va murosasiz bahslar asosida o‘tgan musobaqaning yakuniy natijalarga ko‘ra, Izboskan tumanining "Lochinlar" jamoasi g‘olib deb topilib, musobaqaning respublika bosqichida qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari