Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi so‘lim tabiat bag‘rida joylashgan ertaknoma “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etilgan “Kamalak” bolalar tashkilotining “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun!” shiori ostida o‘tkazilayotgan XXII an’anaviy anjumani ishtirokchilarini bir joyga jamladi.
Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida tashkil etilgan “Kamalak” bolalar tashkiloti 2001 yil 23 may kuni tashkil topgan. Tashkilot o‘n yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarni ixtiyoriylik, oshkoralik, huquq va majburiyatlar tengligi tamoyili asosida birlashtiradigan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi tashkilotdir. Faoliyatining asosiy maqsadi – bolalarni milliy g‘oya asosida Vatanning sodiq farzandlari va komil inson etib tarbiyalash, ularning huquq-manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish, iste’dod va qobiliyatlarini namoyon qilishlari hamda rivojlantirishlari uchun sharoit yaratib berishdan iborat. Shu bois har yili ushbu sana munosabati bilan anjuman tashkil etiladi va butun respubika bo‘ylab, tashkilot sardorlari bir joyga jam bo‘ladi.
Anjuman ishtirokchilari Qashqadaryoda ham o‘zgacha ruhda qarshi olindi. Respublikaning barcha hududlaridan kelgan 300 nafar sardorlar Qarshi vokzalida tantanali kutib olindi. Anjuman ishtirokchilari Qarshi shahridagi Yoshlar markazidan Shahrisabz tumanidagi “Oqsaroy” majmuasiga yo‘l oldi.
Dastlab “Bolalar paradi” tashkil etilib, parad so‘ngida “Oqsaroy” majmuasidagi Amir Temur haykali poyiga anjuman ishtirokchilari bilan birgalikda hokimlik vakillari, sektor rahbarlari hamda viloyat yoshlar tashkilotlari rahbarlari gulchambar qo‘ydi. Sardorlar faoliyatida o‘ziga xos tarixga ega “Lochin” oromgohi besh yillik tanaffusdan so‘ng sardorlar uchun yana qayta o‘z eshiklarini ochdi. “Lochin” bolalar oromgohida Shahrisabz yoshlari, harbiy orkestr va anjuman tashkilotchilari hududlardan tashrif buyurgan ishtirokchilarni tantanali kutib oldi. Tantanali kutib olish marosimidan so‘ng rasman “Vatan, do‘stlik va baxtli bolalik uchun” shiori ostidagi an’anaviy XXII anjuman o‘z ishini boshladi.
Anjumanning an’analariga sodiq qolgan holda tadbir avvalida yil davomida faoliyat olib borgan hududiy va respublika sardorlarining faoliyatlari yuzasidan axboroti tinglandi va qabul qilindi. Tadbirning ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, “Kamalak” bolalar tashkiloti va “Yoshlar parlamenti” raislari so‘zga chiqib anjuman ishiga omad tilashdi. Yoshlar va bolalar o‘rtasida yanada samarali loyihalarni o‘tkazishda Sardorlarning o‘rni yuqoriligiga yana bir bor ishonch bildirildi. Shuningdek, tadbirda estrada yulduzlari, ijodiy jamoalar va bir guruh iste’dodli yoshlar o‘zlarining musiqiy chiqishlarini namoyish qildi.
Anjuman doirasida o‘quv seminarlar, “Eng namunali hududiy Sardorlar Kengashi”, “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovi, “Munozara” va “Zakovat” intellektual o‘yini, “Qadriyat, urf-odat, an’ana va bolalar!”, “Xalqlar do‘stligi” festivallari hamda “Olimpiya kuni”, “So‘ngi qo‘ng‘iroq”, “Do‘stimga sovg‘a” loyihalari, “Plogging” ekologik aksiyasi kabi 15 dan ortiq loyihalar o‘tkazilmoqda.
– Anjumandan juda katta taassurotlar oldik, – deydi samarqandlik Mashhura Nurmuhammedova. – Bunaqa bo‘lishini kutmagan edik. To‘g‘risini aytsam, anjumanda birinchi bor ishtirok etishim. Oromgoh juda ajoyib ekan. Bahavo. Anjuman doirasida turli xil intellektual o‘yinlar bo‘lib o‘tmoqda. “Munozara” va “Zakovat” intellektual o‘yini kabi. Yaqinda “Eng namunali hududiy Sardorlar Kengashi” tanlovi bo‘lib o‘tadi. Bu tanlovda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz.
– Anjuman ko‘tarinki ruhda davom etmoqda, – deydi qoraqalpog‘istonlik Azizbek Alpisbayev. – Bu yerda ko‘plab do‘stlar orttirdim. Har xil tanlov va bellashuvlar bo‘lmoqda. “Quvnoqllar va zukkolar” tanlovida ishtirok etdim. O‘zim qo‘shiqchilikka qiziqaman. O‘z ijodimdan do‘stlarimga kuylab berdim. Ular yaxshi qabul qilishdi. Bundan juda xursandman.
– Anjumanga kirib kelishimizdan hammasi zo‘r bo‘ldi, – deydi Toshkent viloyatidan kelgan Lazizbek O‘lmasov. – Qashqadaryo viloyati sardorlari chiroyli tarzda kutib olishdi. Toshkent viloyati sardorlar kengashi bilan birgalikda anjumanda faol ishtirok etyapmiz. Tajribali mutaxassislardan ko‘plab bilimlarni olyapmiz va olganlarimizni kelgusi faoliyatimizda qo‘llaymiz. Nasib etsa yaxshi natijalar bilan qaytamiz.
[gallery-11997]
Aytish joizki, ishtirokchilarning vaqtini mazmunli va samarali o‘tkazish maqsadida anjuman doirasida “Eng namunali hududiy Sardorlar Kengashi” tanlovining Respublika bosqichi, guruhlar kesimida soha mutaxassislari bilan “Mahorat darslari”, “Mehrli maktub” loyihasi, Quvnoq badan tarbiya mashg‘ulotlari, “Munozara” intellektual turniri, “Zakovat” intellektual o‘yini, “Qadriyat, urf-odat, an’ana va bolalar!” va “Xalqlar do‘stligi” festivallari, “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovi, “Olimpiya kuni” gimnastrada tanlovi, “Quvnoq estafeta” sport musobaqasi, “Orzuimdagi sport qahramoni” uchrashuvi, “So‘ngi qo‘ng‘iroq” bitiruv marosimi, “Do‘stimga sovg‘a” loyihasi, “Plogging” ekologik aksiyasi, “Namunali xona” tanlovi, “Qushlar bizning do‘stimiz” qush uyalari qurish aksiyasi va “Bo‘yinbog‘siz kun” loyihalari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Anjuman davom etmoqda.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA