Davlatimiz rahbarining 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni va 2022 yil 30 apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori asosida joriy yilning 11-16 avgust kunlari Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi “Lochin” oromgohida “Yoshlar kelajak bunyodkorlari!” IV ekologiya va turizm xalqaro qurultoyi bo‘lib o‘tmoqda.
Qurultoy yoshlarning ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi faolligini oshirish, ularni turizm sohasiga keng jalb etish, yoshlarning ekologiya va turizm sohasidagi istiqbolli g‘oyalari hamda loyihalarini amalga oshirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Qurultoy doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi, Turizm qo‘mitasi hamda Qashqadaryo viloyat hokimligi hamkorligida press-tur ham tashkil etiladi va unda 30 dan ortiq jurnalist va blogerlar, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Tadbirlarda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan chet el diplomatik korpusi vakillari, qo‘shni viloyatlar va shaharlar delegatsiyalari ham qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belarus Respublikalari, Rossiya Federatsiyasi hamda O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijiy talabalar ham taklif etilgan.
Xalqaro qurultoyda yurtimizning har bir hududidan 54 nafardan iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan nogironligi bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘quvchi, talaba yoshlar hamda “Yosh ekologlar” harakati va Yosh turizm elchilari Kengashlari a’zolari ham jalb qilingan.
[gallery-24731]
Olti kun davomida mehmonlarni ajoyib va betakror tadbirlar kutmoqda.
Qurultoy doirasida turli tanlovlar, ploging musobaqalari, ekologik va turistik loyihalar, sport musobaqalari, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar va taniqli insonlar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
Yakunda faol ishtirok etgan guruhlar va hududlar jamoalari vakillari diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, qurultoy ishtirokchilarining har biriga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligining maxsus sertifikati topshiriladi.
Qurultoyda yoshlarning tashabbuslariga muvofiq Markaziy Osiyo yoshlarining turizm va ekologiya assotsiatsiyasini (Central Asian tourism and ecology youth association) tashkil etish bo‘yicha nizom loyihasi bilan tanishuv hamda assotsiatsiya raisi saylovi amalga oshiriladi.
“Yoshlar kelajak bunyodkorlari” IV ekologiya va turizm xalqaro qurultoyiga mingdan ortiq ishtirokchilar kelishi kutilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/80tYk3zHnBw" title="“Lochin” oromgohi yana bir xalqaro qurultoyga mezbonlik qilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari