Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Lizing kompaniyasi yangi binoda
12:49 / 2016-07-26

Namanganda “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi Namangan viloyati filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Namanganda “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi Namangan viloyati filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, sohaning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 2-noyabrdagi “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotir.

“O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi Namangan viloyati filiali tomonidan ham mazkur qaror ijrosi doirasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga 2001-yildan buyon umumiy qiymati 122 milliard so‘mlikdan ziyod turli rusumdagi 3 ming 644 qishloq xo‘jaligi texnikasi yetkazib berildi.

– Lizing qishloq xo‘jalik korxonasi, ayniqsa, fermer xo‘jaliklari uchun mehnat samaradorligini oshirishda zamonaviy texnikalarga ega bo‘lishning qulay vositasidir, – deydi Uychi tumanidagi “Mashad sohibkori” fermer xo‘jaligi rahbari T.Ismatullayev. – O‘tgan yillar mobaynida xo‘jaligimiz uchun lizing shartnomasi asosida yuqori unumli g‘alla o‘rish kombayni, haydov va chopiq traktorlari xarid qilindi. Bu zamonaviy texnikalar har yili paxta, don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil yetishtirishga xizmat qilmoqda.

Filialning muhtasham binosida ishchi-xodimlar, fermer xo‘jaliklari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Texnikalar ko‘rgazmasi uchun alohida joy ajratilgan. “Tavokul loyiha qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa muddatda barpo etilgan filial binosi qurilishiga 3 milliard 600 million so‘m mablag‘ sarflandi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.