Liviya Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari, general Muhammad Ali Ahmad al-Haddod va unga hamroh bo‘lganlarning vafoti munosabati bilan mamlakatda motam e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Anadolu” axborot agentligi.
– Bu davrda hukumat binolaridagi bayroqlar yarim tushiriladi va barcha tantanali tadbirlar to‘xtatiladi, -deyiladi o‘lka hukumati bayonotida.
Ma’lumki, 23 dekabr kuni Liviya armiyasi generali al-Haddodni olib ketayotgan samolyot Anqara yaqinida halokatga uchradi. Rasmiylarga ko‘ra, “Falcon 50” turidagi uchoqda parvozdan ko‘p o‘tmay texnik nosozlik kuzatilgan.
Uchuvchilar samolyot Esenbo‘g‘a aeroportidan uchib chiqqanidan keyin elektr tizimida muammo borligini payqab qolib, favqulodda qo‘nish so‘ragan. Biroq Haymana hududi yaqinida qo‘nishga harakat chog‘ida aeroport nazoratchisi bilan aloqa uzilgan. Hodisa oqibatida general al-Haddod bilan birga yana to‘rt nafar yuqori lavozimli harbiy amaldor va uch nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan.
Liviya bosh vaziri Abdulhamid Dibeybeh mamlakat Mudofaa vazirligiga voqea holatlarini tekshirish uchun Turkiyaga rasmiy delegatsiya yuborishni buyurdi.
G.Sattorova, O‘zA