Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Livanda sambo bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi
09:55 / 2022-06-02

Bugun, 2 iyun kuni Livanning Juniya shahrida sambo bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bahslari start oldi.

4 iyungacha davom etadigan musobaqada o‘zbekistonlik sambochilar katta tarkib bilan ishtirok etmoqda. Jumladan, kattalar va o‘smirlar o‘rtasidagi bahslarda 14 nafardan, jangovar samboda 11 nafar, o‘smirlar bellashuvida 16 nafar o‘g‘il-qiz sambochilarimiz kurash olib borishmoqda. 

E’tiborlisi, Livan bellashuvlarida qatnashayotgan sportchilar orasida o‘nlab jahon chempionlari, qit’a o‘yinlarida g‘oliblikka erishgan sportchilarning borligi uch kunlik bahslar murosasiz o‘tishidan dalolat bermoqda. 

Chempionat boshlanishi oldidan Osiyo sambo ittifoqining kongressi bo‘lib o‘tdi. Avstraliya, Bangladesh, Bahrayn, Gonkong, Hindiston, Iordaniya, Iroq, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Livan, Maldiv orollari, Mo‘g‘uliston, Nepal, Yangi Zelandiya, Pokiston, Falastin, Saudiya Arabistoni, Singapur, Suriya, Tailand, Turkmaniston, O‘zbekiston, Filippin, Shri-Lanka va Yaponiya vakillari qatnashgan anjumanda hamyurtimiz, Osiyo sambo ittifoqi prezidenti Alamjon Mullayev ishtirok etib, sambo sportining qit’adagi rivoji, yechimini kutayotgan masalalar, a’zolikka nomzodi ko‘rsatilayotgan davlatlar, 2023 yilgi chempionatni o‘tkazishga da’vogar davlatlar xususida so‘z yuritdi. 

Ishtirokchilarning fikr va takliflaridan kelib chiqib, Avstraliya va Yangi Zelandiya Osiyo sambo ittifoqi a’zoligiga qabul qilingan bo‘lsa, delegatlarning ovoz berishi natijasida kelgusi yilgi qit’a chempionatini qabul qilishda Qozog‘istonning qo‘li baland keldi. 

Yana bir gap. Livanda boshlangan qit’a chempionatida yurtdoshimiz Islom Adilov Osiyo chempionatining bosh hakami sifatida faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, xalqaro toifadagi hakamlar Ulug‘bek Rahmonov, Rustam Adilov, Oybek Fayziboyev, Olim Adilov, Murodxon To‘rayev nufuzli musobaqa bellashuvlarini boshqarib borishmoqda. 

T.Ro‘ziyev,  O‘zA