Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Livan parlamenti beshinchi urinishda ham mamlakat prezidentini saylay olmadi
18:39 / 2022-11-10

Livan deputatlari payshanba kuni yana majlis o‘tkazdi. Majlis chaqirishdan yagona maqsad davlat rahbarligiga nomzod bo‘yicha ovoz berish edi. Biroq mamlakat parlamenti a’zolari beshinchi urinishda ham prezidentni saylay olmadi, deyiladi RIA Novosti muxbiri bergan xabarda.

Endi prezident nomzodi uchun ovoz berish masalasidagi navbatdagi majlis kelgusi payshanba kuniga belgilandi.

O‘tgan oyning oxirlarida Livan Prezidenti iste’foga chiqishdan bir kun oldin hukumatning iste’fosini qabul qilgani to‘g‘risida farmonni imzolagan edi. Bunga bosh vazir bilan vazirlik lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha bir to‘xtamga kela olmagani sabab bo‘lgandi. Bosh vazir Najib Azmi Mikatining bayonot berishicha, mamlakat Prezidenti Mishel Aunning hukumat iste’fosini qabul qilishi konstitutsion kuchga ega emas va hukumat o‘z vazifasini bajarishda davom etadi.

Livan konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident vakolati uning o‘rni bo‘sh bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasiga o‘tadi.

Livan bunday vaziyatga avval ham tushgan. Mamlakat 2014 yil maydan 2016 yil oktyabr oyigacha prezidentsiz qolgandi. O‘shanda parlament 45 dan ortiq majlis o‘tkazgandan keyingina prezidentni saylab olgan.

Livan uch yildan buyon chuqur moliyaviy-iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda, siyosiy va ijtimoiy vaziyat taranglashgan. Inqiroz tufayli bank tizimlari faoliyat ko‘rsatmay qo‘ydi, milliy valyuta dollarga nisbatan qiymatini 20 barobardan ham ko‘pga yo‘qotdi. Natijada mamlakat aholisining 70 foizidan ko‘pi qashshoqlik sharoitiga tushib qolgan.