French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Litsenziyasiz kripto-faoliyat uchun javobgarlik
10:56 / 2026-01-29

Jizzax viloyatida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida qonun talablarini buzish bilan bog‘liq holatlar aniqlanmoqda. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida litsenziyasiz ravishda kripto-aktivlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan ikki nafar shaxs fosh etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sharof Rashidov tumanida yashovchi, 2005 yilda tug‘ilgan fuqarolar turli raqamli platformalar orqali tegishli ruxsat hujjatlarisiz kripto-aktivlar bilan operatsiyalar amalga oshirib kelgan. Xususan, ulardan biri xorijiy kripto-birja ilovasida ochilgan akkaunt orqali, ikkinchisi esa “Telegram” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus bot vositasida USDT, TON va NOT turidagi kripto-aktivlarni olish, ayirboshlash hamda o‘tkazish bilan shug‘ullangan.

Tekshiruvlar natijasida ushbu shaxslar tomonidan bir necha oy davomida jami qiymati qariyb 30 million so‘mga teng kripto-aktivlar bilan operatsiyalar o‘tkazilgani aniqlandi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasida xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi talablarning qo‘pol ravishda buzilganidan dalolat beradi.

Mazkur holatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudida ko‘rib chiqilib, aybdor shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 155¹⁴-moddasi 1-qismiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi. Sud qarorlariga ko‘ra, ularga nisbatan ma’muriy qamoq jazolari tayinlandi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalar yuqori moliyaviy xatarlarga ega bo‘lib, ularni faqat qonun doirasida va tegishli litsenziyaga ega sub’ektlar orqali amalga oshirish mumkin. Aks holda, bu nafaqat ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka, balki fuqarolarning moliyaviy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Ayniqsa, yoshlar orasida kripto-aktivlarni “oson daromad manbai” sifatida qabul qilish holatlari ko‘payib borayotgani tashvishli. Mutaxassislar bu borada huquqiy savodxonlikni oshirish, raqamli moliya sohasidagi qonunchilik talablarini keng tushuntirish muhimligini ta’kidlamoqda.

Qonunga rioya etish — raqamli iqtisodiyot sharoitida ham barqaror va xavfsiz faoliyatning asosiy sharti hisoblanadi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri