Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Litsenziyasiz faoliyat yuritgan 65 nafar san’atkorga chora ko‘rildi – «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi
14:19 / 2024-07-19

«O‘zbekkonsert» davlat muassasasi xalqimizni litsenziyasiz ijodkorlarning xizmatidan foydalanmaslikka chaqirdi:

"Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida turli sohalar qatori san’at va madaniyat yo‘nalishida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Turli xil madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert tomoshalari, festivallar tashkil etilib, ularda qo‘shiqlari xalqimizning qalbidan joy olgan san’atkorlar ishtiroki ta’minlanmoqda. Yosh iste’dod egalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning ham ijod namunalari taqdim etib kelinmoqda.  

Shuningdek, san’atkorlar mehmon sifatida ishtirok etadigan teleko‘rsatuvlar, radioeshittirishlar ham bisyor bo‘lib, bu yaxshi tendensiya, albatta. Ammo masalaning yana bir jihati borki, bugun ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum bir auditoriyagina taniydigan yoki bo‘lmasa litsenziyaga ega bo‘lmagan ijodkorlar ham ana shunday ko‘rsatuv va eshittirishlarga mehmon sifatida chaqirilmoqda. Vaholanki, har qanday san’atkor o‘z ijodini taqdim qilishda, ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni aholiga yetkazish uchun litsenziya talab etiladi.  

To‘y marosimlari, oilaviy bazmlar, barlar va restoranlardagi yig‘inlarda ham litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatish holatlari ko‘paymoqda.  

Shu o‘rinda, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi bunday faoliyat noqonuniy ekanligini ta’kidlab, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda xalqimizdan xizmatga taklif etilayotgan boshlovchilar, san’atkorlarning litsenziyasi bor yoki yo‘qligini aniqlashtirishga, litsenziyasiz ijodkorlarning xizmatidan foydalanmaslikka chaqirib qoladi.  

Ma’lumot uchun, litsenziya jismoniy yoki yuridik shaxsga beriladigan, litsenziya talablari va shartlariga majburiy ravishda rioya etilgan taqdirda faoliyatning litsenziyalanadigan turini yoki uning kichik turini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjatdir.  

Eslatib o‘tamiz, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 165-moddasi bilan litsenziyalanishi lozim bo‘lgan faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.  

Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berishda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi litsenziyalash sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.  

Xo‘sh, litsenziya kimlardan, qaysi hollarda talab etiladi?  

Yakkaxon ijrochi konserti (bitta ijrochining yakkaxon konsert dasturi), bitta janrning ikki yoki undan ko‘p ijrochisi ishtirokidagi konsert dasturi, turli janrlar yo‘nalishlarining bir nechta ijrochisi ishtirokidagi konsert dasturi (yakkaxon xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, qiziqchi va boshqalar), ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni taqdim etishga;  

Restoranlar, barlar, qahvaxonalar, xususiy uylarda yubiley tantanalarida xizmat ko‘rsatish, restoranlar, barlar, qahvaxonalar va xususiy uylarda to‘ylarda (FHDYOdagi marosim, «osh berish» marosimi, kechqurungi nikoh tuzish – «nikoh to‘yi» marosimi, «kelin salom» marosimi), «sunnat to‘yi» marosimiga xizmat ko‘rsatish, ko‘ngilochar tashkilotlarda – klublar, diskotekalar, restoranlar, barlar va qahvaxonalarda xizmat ko‘rsatish (yakkaxon xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, qiziqchi, didjey-ovoz operatori, ma’mur va boshqalar)ga", deyiladi «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi axborot xizmati xabarida.  

Ma’lum qilinishicha, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan birinchi yarim yillikda litsenziyasiz faoliyat yuritgan 65 nafar san’atkorga chora ko‘rilgan.  

O‘zA