French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Litsenziyasi mavjud bo‘lmagan ta’lim tashkilotlariga qanday chora ko‘riladi?
16:29 / 2024-10-23

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasiga ko‘ra, nodavlat ta’lim muassasalari litsenziya talablariga muvofiq ta’lim xizmatlari ko‘rsatishi belgilangan. “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga asosan oliy ta’lim xizmatlari litsenziyalanadigan ta’lim turi hisoblanadi.

Bugungi kunda nodavlat oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash “Litsenziya” axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga elektron arizalar yuborish orqali amalga oshiriladi.

Xo‘sh, aslida litsenziyaga ega bo‘lmagan soxta oliy ta’lim muassasalarining faoliyati qay tartibda o‘rganib chiqiladi va litsenziya mavjud bo‘lmagan ta’lim tashkilotlariga qanday chora qo‘llaniladi?

Mazkur savol yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova quyidagilarni ma’lum qildi.

– Vazirlar  Mahkamasining  2022 yil 21 fevraldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatini litsenziyalash pasportida nodavlat oliy ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalash yoki litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar, litsenziya talablari va shartlari  belgilangan. Hozirda nodavlat oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish  faoliyati uchun 8 ta umumiy va 11 ta maxsus litsenziya talabi va sharti mavjud.

Belgilangan tartibga ko‘ra, nodavlat oliy ta’lim xizmatlari bo‘yicha kelib tushgan arizalar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining mas’ul xodimlari va ekspertlari tomonidan 30 ish kunida ko‘rib chiqiladi va shartlarga muvofiq hollarda joyiga chiqib o‘rganib chiqilib, tegishli xulosa beriladi. Ekspertlar xulosasiga asosan, litsenziya berish va litsenziya berishni rad etish elektron tarzda amalga oshiriladi.

2023 yildan boshlab Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan nodavlat professional oliy hamda oliy ta’limdan keyingi  ta’lim tashkilotlarining litsenziyalash va ularning faoliyatlarini  muvofiqlashtirish amalga oshirib kelinmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik sub’ektlaridan belgilangan tartibda “Litsenziya” axborot tizimi orqali nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya olish maqsadida professional ta’lim xizmatlari borasida jami  412 ta ariza kelib tushgan. Barcha arizalar belgilangan muddatda soha vakillari va ekspertlar tomonidan joyiga chiqib o‘rganilgan.

Ushbu arizalarning jami 55 tasi ijobiy baholangan va tegishli tartibda litsenziya rasmiylashtirilgan. Jumladan, 20 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotining mavjud litsenziyasiga o‘zgartirish kiritilgan, 2 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotiga, 26 ta nodavlat professional ta’lim tashkilotiga va 8 ta nodavlat oliy ta’limdan keyingi ta’lim xizmatlari uchun litsenziyalar rasmiylashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni 33-moddasiga muvofiq, litsenziya talablari va shartlari bir marta qo‘pol ravishda buzilsa, mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti, sog‘ligiga ziyon yetkazsa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga xalal bersa hamda jamoat xavfsizligiga zarar keltirsa litsenziyalar bekor bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2023 yilda jami 69 ta, 2024 yilda esa jami 26 ta nodavlat oliy ta’lim tashkiloti faoliyati  o‘rganib chiqilgan. O‘rganish natijalarida aksariyat nodavlat oliy ta’lim muassasalarining faoliyatida xato va kamchiliklar aniqlangan.  Faoliyati vazirlik tomonidan o‘rganilgan nodavlat oliy ta’lim muassasalarida aniqlangan kamchiliklar va qoidabuzarliklarning bartaraf etilishiga bir oy muddat berilgan.

Berilgan muddatlarda kamchilikni bartaraf etmagan nodavlat oliy ta’lim muassasalarining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha tegishli sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. Sud jarayonlarida 2023 yilda  jami  6 ta oliygohning faoliyati bekor qilingan bo‘lsa, joriy yilda 1 ta oliygohning faoliyati to‘xtatildi. To‘rtta holatda vazirlik tomonidan kiritilgan da’vo arizalari sudlar tomonidan qanoatlantirilmadi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga litsenziyasi bekor qilingan ta’lim tashkilotlarining talabalariga o‘qishini davlat yoki nodavlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga mutaxassisliklari bo‘yicha belgilangan tartibda ko‘chirish huquqi berilgan. Shuningdek, oliy ta’lim tashkiloti sifatida litsenziya olib, faoliyatini qonuniy asosda yuritishi uchun hech qanday to‘siq mavjud emas.

O‘tgan 2023 yilda litsenziyasi bekor qilingan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan 8 ming nafarga yaqin talabaning o‘qishi tegishli tartibda ko‘chirilgan. Birorta talabaning muammosi yechimsiz qolmagan.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA