Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Litsenziyalash va ruxsat berish jarayonidagi byurokratiyaga chek qo‘yilmoqda
15:40 / 2022-02-24

Endilikda “Litsenziya” axborot tizimi (license.gov.uz)ga har kuni 24 soat davomida murojaat qilish mumkin. Bu bilan fuqarolarning davlat organlariga “borish” va “kutish” kabi ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi.

Litsenziya va ruxsatnoma berish bo‘yicha tartib-taomillar 200 ga yaqin turli normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solib kelingan. Ularni qidirib topish va foydalanish tadbirkorlarga noqulaylik tug‘dirayotgan edi.

Ushbu hujjatlar unifikatsiyalashtirilib, yagona nizom shakliga keltirildi va tasdiqlandi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizom qabul qilindi.  

Mazkur nizom bilan 28 ta litsenziyalanadigan faoliyat turlarining pasportlari tasdiqlandi.

Vazirlar Mahkamasining 86-son qarori bilan Maxsus elektron tizim orqali ayrim ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risida ham yagona nizom qabul qilindi.  

Mazkur nizom bilan 27 ta litsenziyalanadigan faoliyat turlarining pasportlari tasdiqlandi.

Yagona nizomda tartib-taomillar bo‘yicha umumiy qoidalar belgilandi va har bir faoliyatga xos xususiyatlar nizomga ilova qilingan pasportlarda aniq belgilab qo‘yildi. 

Endilikda barcha arizalar elektron tarzda “Litsenziya” axborot tizimi (license.gov.uz) orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida qabul qilinadi. 

Bu bilan fuqarolarning davlat organlariga “borish” va “kutish” kabi ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi.

Bunda, arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari tushganda navbatdagi ish kuni arizalarning litsenziyalovchi organga tushgan va litsenziyalovchi organ tomonidan qabul qilingan kun hisoblanadi.

Litsenziya yoki ruxsatnomani olish uchun ariza vakolatli organga “Litsenziya” axborot tizimi yoki YAIDXP orqali taqdim etiladi.

Лицензия yoki ruxsatnoma olishda talabgorning boshqa kelishiladigan organlardan xulosasini olib, arizaga ilova qilish amaliyoti bekor qilindi. 

“Bir darcha” tamoyili asosida litsenziyalovchi organning “Litsenziya” axborot tizimi orqali tegishli xulosalarni boshqa organlardan o‘zi oladi. Xulosa o‘z vaqtida taqdim etilmasa, ijobiy xulosa olingan, deb hisoblanadi. Bunda kelib chiqadigan oqibatlar uchun javobgarlik xulosani kechiktirgan organ zimmasida bo‘ladi.

Litsenziya va ruxsatnoma olish uchun ariza berish, ko‘rib chiqish, qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish, amal qilishini to‘xtatib turish, ularni o‘zgartirish, bekor qilish va tugatishning yagona mexanizmi (tartibi) belgilandi.

Litsenziyalovchi yoki ruxsat beruvchi hujjatlarning amal qilishini to‘xtatib turish litsenziyalovchi organ yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Bunda litsenziyalovchi yoki ruxsat beruvchi organ tomonidan amal qilishi o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga, sud tomonidan esa o‘n kundan ortiq, lekin olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.

Litsenziyalovchi yoki ruxsat beruvchi organlarning xatti-harakatlariga nisbatan shikoyat qilish va uni ko‘rib chiqishning yangi tartibi belgilandi.

Litsenziyalash yoki ruxsat berish jarayonida byurokratiyaga yo‘l qo‘ymaslik hamda ortiqcha hujjatlar talab qilinishini oldini olish maqsadida pasportlarda belgilangan talab va shartlardan tashqari hujjatlarni talab qilish taqiqlandi. Shuningdek, masofadan turib xavfni tahlil qilish orqali nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Maxsus elektron tizim orqali litsenziya va ruxsatnoma berganlik uchun yig‘im va davlat boji to‘lovlari amalga oshirilganligi onlayn tekshiriladi (bu jarayonda fuqarolardan tegishli to‘lovlarni to‘laganligini tasdiqlovchi hujjat talab qilinmaydi) hamda QR-kod qo‘yilgan litsenziya va ruxsatnoma blankasi avtomatik ravishda shakllantirilib, talabgorning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuboriladi.

Litsenziya va ruxsatnoma berishni rad etishning aniq asosi belgilandi. Endilikda ushbu nizomlarda belgilanmagan asoslar bo‘yicha litsenziya yoki ruxsatnomani berish maqsadga muvofiq emas, degan vaj bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Agarda ushbu nizomlarda belgilanmagan asoslar bo‘yicha rad etilgandan vakolatli organning ma’muriy javobgarligiga olib keladi.

Ushbu hujjatning yana bir muhim tomoni talabgorning litsenziya va ruxsatnoma berish haqidagi arizasini birinchi marta ko‘rib chiqish jarayonida litsenziya berilishi uchun zarur bo‘lgan hujjatlar talabgor tomonidan to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilganda ushbu arizani ko‘rib chiqish rad qilinmasdan kamchiliklarni bartaraf etish uchun talabgorga muddat berilishi belgilandi.

Mazkur 2 ta qaror bilan Hukumatning 120 dan ortiq qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan, deb topildi. 10 ga yaqin hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi.

Ushbu qarorlar 2022 yil 1 martdan kuchga kiradi. Amaldagi litsenziyaga va ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslar 3 oylik muddatda o‘zlarining faoliyatlarini litsenziya talab va shartlariga muvofiqlashtirishi lozim.

Litsenziyalovchi yoki ruxsat beruvchi organ qaroridan norozi bo‘lsa faqat sudga murojaat qilish emas, nizoni sudgacha ko‘rib chiqish tartibi belgilandi. 

Endilikda litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qarorlarni respublika darajasida qabul qiluvchi vakolatli organlarda mavjud xodimlar orasidan 5 kishidan iborat shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Apellyatsiya kengashi tashkil etiladi.

Litsenziya yoki ruxsat beruvchi hujjat asosida faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan litsenziya yoki ruxsat beruvchi hujjatlar talab va shartlariga rioya etilishi ushbu organlar tomonidan nazorat qilib boriladi.

Nazorat qilish masofaviy shaklda, qonunchilikda belgilangan tartibda joyga chiqqan holda tekshirish hamda statistik axborotlarni tahlil qilish orqali amalga oshiriladi.

Ochiqlik hamda jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida har bir faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalarning reyestri yuritiladi va undagi ma’lumot barcha uchun ochiq hisoblanadi.

N.Abduraimova, O‘zA