Bu esa sohada shaffoflikni ta’minlab, byurokratik to‘siqlar, korrupsiyaviy omillar va davlat organlarida qonun buzilishi holatlariga chek qo‘yadi. Natijada tadbirkorlik sub’ektlariga keng qulayliklar yaratiladi.
Bu yangi tahrirda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun asosida amalga oshiriladi.
Adliya vazirligi yangi qonun mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda deputatlar, Adliya vazirligi va Biznes-ombudsman devoni mutasaddilari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirishga qaratilgan.
Ilg‘or xorijiy tajriba asosida yaratilgan qonun sohadagi ma’nan eskirgan va tarqoq holdagi amaldagi qonunchilik hujjatlarini unifikatsiya qilish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qoidalarni belgilab berdi. (Ma’lumot uchun: qonun qabul qilinishi munosabati bilan ushbu sohaga oid 2 ta qonun, 1 ta Oliy Majlis qarori, 2 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori, 100 ga yaqin Hukumat qarorlari o‘z kuchini yo‘qotmoqda).
Qonun bilan 49 litsenziya, 120 ruxsat berish hujjati hamda 33 xabarnomaning yakuniy ro‘yxatlari tasdiqlandi.
Amalda bo‘lgan litsenziyalar va ruxsat berish hujjatlari 30 foizgacha qisqartirildi.
Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarining yagona tartibi va o‘ziga xos xususiyatlari (litsenziya va ruxsat berish hujjatini berish to‘g‘risidagi murojaatni ko‘rib chiqish, ularni berishni rad etish, qayta rasmiylashtirish, o‘zgartirish, to‘xtatib turish, bekor qilish va amal qilishini tugatish) belgilandi.
Vakolatli organni xabardor etish orqali faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq mutlaqo yangi mexanizm ilk bor joriy etilmoqda.
Endilikda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillaridan o‘tish faqat “Litsenziya” axborot tizimi orqali elektron tarzda amalga oshiriladi.
Bitta misol: amaldagi 80 foiz litsenziya va ruxsat berish jarayonlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmagan bo‘lib, 2019 yilda maxsus qog‘oz blankalarining ishlatilishiga 13 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Ushbu jarayonlar elektron tarzda amalga oshirilsa, davlat byudjetidan sarflanadigan yuqorida qayd etilgan mablag‘ iqtisod qilinishiga erishiladi.
Litsenziya dublikatini berish, shuningdek, litsenziya shartnomasini tuzish kabi amaliyotlarga chek qo‘yiladi.
Yuridik shaxslar filiallariga alohida litsenziya yoki ruxsatnoma olish talabi bekor qilindi. (Bunda yuridik shaxsning avval olingan litsenziyasi va ruxsatnomasida filialning manzili ko‘rsatiladi).
Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar qaysi holatlarda sud tomonidan va qaysi holatlarda vakolatli organ tomonidan bekor qilinishining aniq chegaralari belgilandi.
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga doir talablar va shartlarga rioya etilishini tekshirish tartibi yanada takomillashtirilmoqda. Bunda maxsus elektron tizim yordamida masofaviy nazorat, jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatini joyiga chiqqan holda tekshirish, shuningdek, ularning faoliyatiga oid statistik axborot va ulardan so‘rab olingan ma’lumotlarni tahlil qilish orqali “xavfni tahlil etish” tizimi va jamoatchilik nazorati sub’ektlarining murojaatlari asosida amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslar tomonidan litsenziyasiz, ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatsiz va vakolatli organni xabardor etmasdan tegishli faoliyatni amalga oshirganda ularga nisbatan jarima solish instituti joriy etilmoqda. Bunda jarima bir oyda ixtiyoriy to‘langanda uning 70 foizi undirilishiga oid rag‘batlantiruvchi norma, jamoatchilik nazorati sub’ektlariga ularning qonun buzilishiga oid murojaatlari asosida undirilgan jarimaning 10 foiz miqdorda pul mukofoti berilishi belgilanmoqda.
Mazkur qonun tadbirkorlik sub’ektlariga keng qulayliklar yaratib, sohadagi byurokratik to‘siqlar, korrupsiyaviy omillar va davlat organlarida qonun buzilishi holatlarini bartaraf etishga zamin yaratadi.
Litsenziyalash va ruxsat berish bilan bog‘liq barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtirilishi orqali ularning shaffofligi ta’minlanadi.
Litsenziyasiz, ruxsatnomasiz va vakolatli organni xabardor etmasdan faoliyat amalga oshirilishining oldi olinadi va yuridik shaxslarning mas’uliyati yanada oshadi.
N.Abduraimova, O‘zA