Portugaliya poytaxti Lissabon shahrida dzyudo bo‘yicha faxriylar o‘rtasidagi jahon chempionati davom etmoqda.
30 yoshdan yuqori bo‘lganlar o‘rtasidagi musobaqada 40 dan ziyod davlatning 450 nafarga yaqin faxriy dzyudochilari jahon chempionati medallari uchun bellashmoqda.
Chempionatning 100 kilogramm vazn toifasidagi ikki faxriy dzyudochimiz jahon chempionatida o‘z mahoratini namoyish etdi. Muxtorxo‘ja Tulayevga saralash bellashuvlaridayoq omad kulib boqmadi.
Ushbu vaznda ishtirok etgan yana bir vakilimiz Jamshid Fayziyev esa saralash musobaqalarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Ammo bronza medali uchun kechgan murakkab kurashda polshalik Janishevskiyga qo‘shimcha vaqtda imkoniyatni boy berdi va dunyo birinchiligidagi ishtirokini kuchli beshlikda yakunladi.
Faxriylar o‘rtasidagi jahon birinchiligi bahslari 24 oktyabrga qadar davom etadi. Unda o‘zbekistonlik yana 3 nafar faxriy sportchi o‘z vaznlarida medallar uchun bahslashadi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA