Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida «Lingvodidaktikaning dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Xalqaro oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari, respublikamizning 100 dan ortiq olimlari, ilmiy izlanuvchilar, tadqiqotchilar, magistr hamda bakalavr talabalari, maktab o‘qituvchilari ishtirokidagi nufuzli ilmiy-amaliy anjumanni universitet rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov ochib berdi. Universitet professor-o‘qituvchilarining ona tili, adabiyot va o‘zbek tili fanlaridan Milliy o‘quv dasturi loyihasi hamda zamonaviy darsliklar, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar, mashq daftarlarini tayyorlashdagi faol ishtiroki, samarali harakatlarini alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, anjumanda so‘nggi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, belgilab olingan vazifalar hamda ularning ijrosi yuzasidan universitet miqyosida samarali ishlar amalga oshirilgani alohida e’tirof etildi. Mamlakat rahbarining xalq ta’limini rivojlantirishga qaratilgan tegishli farmonida belgilangan «Maktab o‘quvchilarining bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, o‘qituvchi kasbi nufuzini va pedagoglarning sifat tarkibini oshirish, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni zamon talablari asosida takomillashtirish, xalq ta’limi muassasalarining xalqaro standartlarga javob beradigan zamonaviy modellarini barpo etish» kabi masalalarning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtaldi.
Anjuman ishini O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor Laylo Raupova davom ettirdi. Rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri maslahatchisi Odinaxon Jamoliddinova, Turk-o‘zbek tili va madaniyati jamiyati rahbari Akbar Yassa, Germaniya Gumboldt universiteti professori Ayfer Durdu, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi G‘ofir Hamroyev va boshqalar mavzu doirasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Ma’ruzalar tinglandi.
– Xalqaro anjuman bir qator vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan, –deydi DO‘TAU ilmiy va innovatsion ishlar bo‘yicha prorektori (v.b.) Nodir Jo‘raqo‘ziyev. – Ona tili ta’limi va zamonaviy lingvodidaktika masalalari borasida hali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ko‘p ishlar bor. Bunda olimlarning birdamligi va xalqaro andozalardan foydalangan holda yakdil milliy metodni yaratishga ahamiyat qaratish lozim. Nufuzli olimlarning lingvodidaktikaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalari, tadqiqotlari anjumanni yanada boyitdi. Shuningdek, alohida sho‘’balarda ona tili ta’limi va zamonaviy lingvodidaktika masalalari, ikkinchi til va chet tillarni o‘qitish metodikasi masalalari, tilshunoslikning amaliy masalalari muhokama etildi. Leksikografik tadqiqotlarda mobil lug‘atlar yaratish, o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish , grammatik savodxonlik , ta’limiy lug‘atlarni yaratish, davlat tilini o‘qitish masalalaridagi muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Anjuman yuzasidan bir qator imtiyozli kelishuvlar amalga oshirildi.
D.MAMATOVA,
O‘zA muxbiri