Davlat-xususiy sheriklik mamlakatda strategik ahamiyatga ega infratuzilma va ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirishda davlat va xususiy sektorning kuchlarini birlashtiruvchi samarali mexanizmdir.
DXSHning ustuvorligi shundaki, u infratuzilmani modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti kabi sohalarda xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Eng muhimi, bunday sheriklik aholi manfaatiga xizmat qiladigan loyihalarni amalga oshirishda innovatsiyalar, texnologiyalar va menejmentning zamonaviy usullarini jalb etadi.
Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK)ning Davlat-xususiy sheriklik va korporativ moliyaviy maslahat xizmatlari bo‘yicha global direktori Linda Rudo Munyengeterva bu haqda shunday dedi:
– Bugun Toshkentda tashkil etilgan “Davlat-xususiy sheriklik orqali xususiy kapitalni mobilizatsiya qilish” mavzusidagi III Davlat-xususiy sheriklik davra suhbati ishtirokchilar uchun har jihatdan foydali bo‘ldi.
Negaki, DXSH doirasida xususiy sektor kapitali va bilimlaridan foydalanish juda muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun hukumat DXSHni aholiga xizmatlarni yaxshilash va mamlakatga zarur sarmoya hamda malakani jalb qilish strategiyasining asosiy tarkibiy qismi sifatida qarashi ahamiyatlidir.
Mamlakat rivojlanishi faqat DXSH orqali emas, ammo bu model O‘zbekiston hukumati uchun samarali vosita sifatida o‘zini ko‘rsatdi. Hukumat DXSHni tartibga solish uchun alohida regulyator va institutsional asoslarni joriy qildi. Shuningdek, maqsadli farmon va qarorlar orqali imkoniyat muhitini mustahkamlab, 2025 yilda suv sohasida DXSHni amalga oshirish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladigan Suv kodeksini qabul qildi. Bu o‘zgarishlar xususiy sektor ishtirokchilari bozorga kirishini rag‘batlantirmoqda va bundan keyin ham davom etadi.
O‘tgan olti yilda xususiy sektor kapitali va ekspertizasidan foydalangan holda mamlakatda ko‘plab infratuzilma loyihasi amalga oshirildi. 2018 yilgacha DXSH yo‘q edi, shu bois bu borada yutuqlar haqiqatan ham diqqatga sazovor.
O‘zbekiston hukumati transport, elektr tarmoqlari, suv va sanitariya, sug‘orish va boshqalarga e’tibor qaratmoqda.
Hozirgacha XMK ko‘magida to‘qqizta DXSH loyihasi tijorat yakunlariga yetdi. Ushbu loyihalar aholiga xizmat ko‘rsatishni yaxshiladi, taxminan 7 million odam hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi va taxminan 1,7 milliard dollar xususiy kapitalni jalb qildi.
XMK mamlakatda sakkizta faol mandatga ega. Bulardan biri shuki, Farg‘ona viloyatida klinika barpo etishga qaratilgan DXSH loyihasi. Ikkinchisi esa Toshkent – Andijon yo‘li loyihasi bo‘lib, XMK hukumatga yo‘l sohasida DXSHni tuzishda strategik maslahatlar beradi.
Ushbu loyihalar transport infratuzilmasini yaxshilash, bog‘lanishni kuchaytirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Ta’lim sohasida XMK hukumatga ikki hududda maktablar qurilishida yordam bermoqda va sifatli ta’limga kirishdagi muhim bo‘shliqlarni to‘ldirish va kelajak avlod uchun imkoniyatlar yaratishga ko‘maklashmoqda. Shuningdek, sug‘orish nasos stansiyalari energiya samaradorligi loyihasi suv xo‘jaligi sohasidagi birinchi raqobatbardosh tender bo‘lib, energiya iste’molini kamaytirishga qaratilgan va barqaror rivojlanish uchun muhim ahamiyatga ega.
Biz DXSHni zarur sarmoya va xususiy sektor ekspertizasini jalb qilishda samarali vosita, deb hisoblaymiz. Shu sababli, ushbu loyihalarni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Hozirgi ustuvor vazifa DXSH dasturini 2030 strategiyasiga muvofiq kuchaytirish va unga amal qilishdir.
Shu bilan birga, hukumatning moliyaviy majburiyatlarining uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashi ham muhimdir. Davra suhbati hukumatning rejalarini belgilash va DXSH dasturiga sodiqligini ta’kidlashda muhim qadam hisoblanadi.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.